Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi jamoasi boshqarma boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha o`rinbosari Sherali Nurmatov vafot etdi. Bu haqda xabar qilgan viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi marhumning oila a`zolariga hambardlik bildirdi.
"Sherali Nurmatov 1959 yilda Nishon tumanida tug`ildi. O`rta Osiyo medisina pediatriya institutida tahsil oldi. Qarshi shahridagi 1-son bolalar poliklinikasida shifokor, Nishon tumani markaziy shifoxonasi uchastka pediatri, Qarshi shahridagi 2-son bolalar poliklinikasida vrach-pediatr, bosh vrach muovini, Qarshi shahar sog`liqni saqlash bo`limi bosh pediatri, bosh vrach muovini, Qarshi shahar markaziy shifoxonasi bosh vrachi, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosari, viloyat qon xizmati boshlig`i lavozimlarida samarali mehnat qildi. 2017 yildan viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha o`rinbosari bo`lib ishlab kelayotgan edi.
U ko`p yillardan beri onalik va bolalikni muhofaza qilish, qon xizmati singari sohalarni rivojlantirish borasida fidokorona mehnat qilib kelayotgan malakali pediatr-shifokor hamda rahbar, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sog`liqni saqlash tizimidagi islohotlarning faol targ`ibotchisi edi.
Sherali Nurmatovning tizimda malakali rahbar sifatidagi tashkiliy-metodik faolligini alohida e`tirof etish joiz. U o`ziga xos etakchilik va tashkilotchilik qobiliyatiga ega mutaxassis edi. O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi tomonidan o`tkazilgan “2017 yilning eng yaxshi sog`liqni saqlash tashkilotchisi” ko`rik-tanlovida 1-o`ringa sazovor bo`lgan edi.
Sherali Nurmatov tibbiyot sohasini, xususan, pediatriyani takomillashtirishga katta hissa qo`shgan olim ham hisoblanadi. 1999 yilda u “Pediatriya shoxobchalarida o`tkir respirator kasalliklarining diagnostikasi va davolashni takomillashtirish” mavzuidagi nomzodlik ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Keyingi yillarda Sherali Nurmatov rahbarligida viloyatda onalik va bolalikni muhofazalash borasida bir qator yutuqlarga erishildi. Xususan, go`daklar o`limi ko`rsatkichi 1000 tug`ilishga nisbatan 2017 yilda 8,5 promilleni tashkil etgan bo`lsa, 2018 yilda 7,8, 2019 yilda esa 6,5 promillegacha kamaydi. Onalar o`limi esa har 100 000 tug`ilishga nisbatan 2017 yilda 28,0 , 2018 yilda 19,7, 2019 yilda 16,9 promilleni tashkil etdi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Ona va bola” skrining markazlari, ko`p tarmoqli markaziy poliknikalarda ayollar maslahatgohlari va qizlar salomatlik markazlarining tashkil etilishida Sherali Nurmatov alohida jonbozlik va tashabbuskorlik ko`rsatdi. Shuningdek, uning tashabbusi bilan Kitob tumani va Qarshi shahri ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarida viloyatda ilk marotaba “Elektron poliklinika” tizimi namunaviy tarzda yo`lga qo`yildi.
Sherali Nurmatov talabchan va kuyunchak ustoz sifatida ko`plab shogirdlarni kamolga etkazishda ham faollik ko`rsatdi.
2020 yilda viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi huzuridagi “COVID-19” koronavirusga qarshi kurash muvofiqlashtiruvchi shtabi rahbari sifatida tashkiliy tadbirlarga bosh-qosh bo`ldi. Pandemiyaning murakkab va sinovli davrlarida malakali shifokor, olim va tashkilotchi rahbar sifatida aniq amaliy takliflar hamda yo`nalishlar asosida ishni tashkil etdi. Kasallikka gumon qilingan fuqarolarni stasionar va uy sharoitida karantinga olish, bemorligi aniqlangan shaxslarni davolash singari tadbirlarni muvofiqlashtirishda alohida jonbozlik ko`rsatdi.
Sherali Nurmatov ibratli oila sohibi sifatida ham ko`pchilikning hurmatiga sazovor bo`lgan inson edi.
Fidoyi inson Sherali Nurmatovning xotirasi hamisha qalbimizda saqlanadi.
Yaqinlariga chuqur hamdardligimizni izhor etamiz", - deyiladi Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi jamoasi xotirasida.






