AsosiyJamiyat

Ayni kunda test sinovlari uchun to`lovni amalga oshirish, test topshirish hududini o`zgartirish imkonsiz – DTM

'Ayni kunda test sinovlari uchun to`lovni amalga oshirish, test topshirish hududini o`zgartirish imkonsiz – DTM'ning rasmi

Ma`lumki, 2020-2021-o`quv yili uchun oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga abiturientlarni ro`yxatga olish 20-iyundan 20-iyulga qadar onlayn tarzda amalga oshirildi, deb yozmoqda Davlat test markazi.

Ro`yxatga olish oldingi yillarga nisbatan ancha qulayligi, tezkorligi va bugungi pandemiya sharoitida abiturientlar salomatligi uchun xavfsiz ekanligi bilan alohida ahamiyatga ega bo`ldi.

Biroq, keyingi kunlarda Davlat test markaziga abiturientlar tomonidan to`lovni amalga oshirish, test topshirish hududini yoki boshqa bir ma`lumotlarni o`zgartirish to`g`risida murojaatlar kelib tushmoqda.

Hurmatli abiturientlar va ularning ota-onalari!

Davlat komissiyasining 2-son bayoniga muvofiq belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tgan, ammo ayrim sabablarga ko`ra test sinovlarida ishtirok etish uchun to`lovni amalga oshirishga ulgurmagan abiturientlarga 13-avgustdan 16-avgustga qadar to`lovni amalga oshirish uchun qo`shimcha imkoniyat berildi.

Hozirda Davlat test markazining bazasiga kiritilgan ma`lumotlar asosida yopiq ish tartibida abiturientlar uchun test materiallari (test topshiriqlari kitoblari va javoblar varaqalari) shakllantirilmoqda.

Shuningdek, mazkur ma`lumotlar asosida abiturientlarning taqsimoti amalga oshirilib, ularga test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomalar shakllantirildi hamda 22-avgustdan boshlab abiturientlarga ruxsatnomalar tarqatilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, bugungi kunda test sinovlari uchun to`lovni amalga oshirish, test topshirish hududini yoki boshqa bir ma`lumotlarni o`zgartirish imkoniyati mavjud emasligini ma`lum qilamiz.

    Boshqa yangiliklar