31 may kuni O`zbekiston Respublikasi So`x tumani, Chashma qishlog`ining Qirg`iziston Respublikasi, Batken oblasti, Kadamjay rayoni, Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog`i bo`yida Qirg`iziston hamda O`zbekiston fuqarolari o`rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro`y bergani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o`tamiz, ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So`x tumani Chashma qishlog`iga etib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muxofaza qiluvchi organ hodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko`rsatilib, ularga turli darajada shikastlar etkazilgan.
Mazkur holat bo`yicha 01.06.2020 yilda Farg`ona viloyat prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish) va 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan JKning 219 va 244-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.