O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida aniq va tizimli harakat amalga oshirilmoqda. Xususan:
* 2008 yilda O`zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasiga va 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha Istanbul harakatlar rejasiga qo`shildi.
* O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tashabbusi bilan xalqaro standartlarga muvofiq 2017 yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi.
* 2017 – 2021 yillarda O`zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi o`zining tub mohiyati bilan aynan korrupsiyani tag-tomiri bilan yo`q qilishga qaratilgan tarixiy hujjat bo`ldi.
* 2017 – 2018 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha birinchi Davlat dasturi amalga oshirildi. 2019 yilning 27 may kuni “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezidentimizning Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan 2019 – 2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi.
Mazkur Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf qilishga qaratilgan 20 ga yaqin qonun, 100 ga yaqin Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilindi.
Jumladan, “Davlat va xususiy sheriklik to`g`risida”gi, “Davlat xaridlari to`g`risidagi”gi, “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”gi, “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi va “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish joriy etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazorati samaradorligini oshirildi.
Xususan, Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bo`yicha qo`mitalar hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarining tarkibida qonuniylikni ta`minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha doimiy komissiyalar tashkil etildi.
Davlat organlari tomonidan o`z faoliyatining tizimli tahlili, korrupsiya xavfiga duchor bo`lgan soha va yo`nalishlarni aniqlash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo`l qo`ymaslikning ta`sirchan choralarini ko`rish yo`lga qo`yildi. Davlat organlari va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplaens-nazorat)ni joriy etish yo`lga qo`yildi.
Eng asosiysi, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabati shakllantirildi va fuqarolarning korrupsiya illatiga qarshi huquqiy ongi va madaniyati oshdi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida sosiologik, maxsus, ilmiy tadqiqotlar hamda boshqa turdagi tadqiqotlar o`tkazish yo`lga qo`yildi.
Masalan, 2019 yilda BMT Taraqqiyot dasturining “O`zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi qurashish” loyihasi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda O`zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi Qonunining xorijiy mamlakatlarning bu kabi qonunlari bilan o`zaro qiyosiy tahlili hamda uning xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligi o`rganildi.
2010 yildan buyon O`zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha Istanbul harakatlar rejasida ishtirok etmoqda. Monitoringning to`rtinchi bosqichi bo`lib o`tdi, uning natijalariga ko`ra xalqaro ekspertlar O`zbekiston ushbu tashkilotning avvalgi barcha tavsiyalari bo`yicha yutuqlarga erishganligini ta`kidlashdi.
Mazkur monitoring yakunlari bo`yicha berilgan 47 ta tavsiyalarni bajarish yuzasidan 31.07.2019 yilda “Yo`l xaritasi” tasdiqlangan.
Xususan, mazkur tavsiyalar asosida O`zbekiston Respublikasi 2019 yilda Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo`yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to`g`risidagi MDHning Kishinev konvensiyasiga (Kishinyov sh., 2002 yil 7 oktyabr) qo`shildi.
Joriy yilda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasiga mas`ul bo`lgan maxsus vakolatli davlat organi O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Mazkur ishlarni tizimli ravishda davom ettirish maqsadida joriy yilning 29 iyun kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6013-son Farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementasiya qilishni davom ettirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” ishlab chiqish belgilandi.
Shu bois, Bosh prokuratura tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementasiya qilishni davom ettirish bo`yicha takliflar tayyorlanmoqda.
Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining 4-bosqich monitoringi yakuni bo`yicha korrupsiya xavflarini baholash asosida milliy, mintaqaviy, mahalliy, tarmoq va idoraviy darajalarda yagona siyosatini ishlab chiqishni ta`minlash, bunday baholashning yagona metodologiyasini ishlab chiqish va qabul qilish tavsiya etilgan.
Shu bois, korrupsiya xavfi yuqori bo`lgan davlat organlari va sohalarida korrupsiya xavf-xatarlarini baholash bo`yicha namunaviy uslubiyot ishlab chiqish va qabul qilish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik Konvensiyasi (Strasburg, 1999 yil 27 yanvar), Korrupsiya uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik Konvensiyasi (Strasburg, 1999 yil 4 noyabr) va Xalqaro tijorat bitimlarini amalga oshirishda xorijiy mansabdor shaxslarni pora berib sotib olishga qarshi kurashish Konvensiyasi (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyoti tashkiloti, 1997 yil 17 dekabr) qo`shilish masalasini ko`rib chiqib taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasida belgilangan xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslariga pora berish, yuridik shaxslarning javobgarligi va boshqa korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish choralarini ta`minlash bo`yicha tegishli normalarga milliy qonunchilikka implementasiya qilish bo`yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqish kiritilmoqda.
Albatta, o`tgan davr mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muayyan natijalarga erishilgan bo`lsa-da, istiqbolda bir qator vazifalarni amalga oshirish lozim.
Korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar milliy qonunchilikka implementasiya qilinishi, shu jumladan, amaldagi jinoyat qonunchiligi bilan qamrab olinmagan korrupsiyaviy qilmishlar kriminalizasiya qilinishi va boshqa tashkiliy choralar ko`rilishini talab etadi. Bunda, albatta rivojlangan davlatlarning ijobiy tajribasi hamda xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari inobatga olish lozim bo`ladi.
Bosh prokuratura boshqarma prokurori
Nodirjon Sharipov






