AsosiyJamiyat

Jizzaxda fuqaroning mol-mulki tortib olinishi bilan bog`lik vaziyat hal etildi

'Jizzaxda fuqaroning mol-mulki tortib olinishi bilan bog`lik vaziyat hal etildi'ning rasmi

Jizzax viloyati Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi U.Murotovning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan videomurojaati keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda. U Baxmal tumani hokimligi, «Ermulkkadastr» DK tuman filiali xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo`lib, uning er maydoni tortib olinayotganini ta`kidlagan.

Mazkur masala Oliy Majlis Senati a`zosi S.Suyarova boshchiligida Baxmal tumani hokimligi, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi, «Ermulkkadastr» DK tumani filiali mutasaddilari hamda «Navbahor» MFY faollari ishtirokida o`rganildi, deb yozmoqda Senat.uz.

Ma`lum bo`lishicha, fuqaro U.Murotov o`ziga tegishli o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha Baxmal tuman Davlat xizmatlari agentligiga murojaat qilgan.

Ushbu murojaat ishchi guruh tomonidan o`rganib chiqilgan. Baxmal tumani hokimining 2018 yil 29 dekabrdagi qarori bilan jami 1,32 ga er uchastkasining 0,06 ga er uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi (qurilgan imoratga nisbatan) tiklangan va ortiqcha 1,26 ga er uchastkasi tuman hokimligi zahirasiga qaytarilishi ko`rsatib o`tilgan.

Shu bilan birga, «Ermulkkadastr» tuman filiali tomonidan fuqaro U.Murotovning mol-mulki bo`yicha qayta-qayta kadastr qilingan va ayrim xatoliklarga yo`l qo`yilgan. Natijada unda uy-joyi qo`shnilari va hokimlik tomonidan tortib olinmoqda degan tasavvur paydo bo`lgan. Vaholanki, videomurojaatda aytilganidek, uning mulkini hokimiyat xodimi yoki tuman hokimi tomonidan tortib olish istagi yo`q.

Qolaversa, «Ermulkkadastr» DK Baxmal tumani filialining boshlig`i F.O`sarov kamchiliklarga yo`l qo`yganligi tufayli ishdan bo`shatilgan.

Shuningdek, senator S.Suyarova tomonidan mazkur masala nazoratga olinib, U.Muratovning kadastr hujjatlarini qayta ko`rib chiqish, bu borada unga ko`mak ko`rsatish zarurligi yuzasidan tegishli mutasaddilarga ko`rsatmalar berildi.

    Boshqa yangiliklar