To`ylar boshlandiyu, to`ylar bilan ayrimlarning spirtli ichimlik ta`siridagi xatti-harakatlari ham boshlandi. Jumladan Samarqandda xursandchilik bilan boshlangan to`yning oxiri azaga aylandi. To`ydan yuk ortib chiqqan avtomobil to`ydan sarxush qaytgan kishini urib yubordi. Bu YTH 43 yoshli fuqaroning o`limi bilan tugadi. Bu YTH haqida O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, joriy yilning 26 avgust kuni soat 00:50 larda, Samarqand viloyati, Samarqand tumani “Qamchinon” mahallasi, ichki tor ko`chasi, raqamsiz uy oldida, haydovchi, 1993 y.t. F.F. “Zil-1360” rusumli yuk avtomobilini orqaga boshqarayotib, ortida harakatlanib ketayotgan mast holdagi piyoda, 1977 y.t. D.T.ni avtomobilning chap orqa shinalari bilan bosib o`tib, YTH sodir etgan.
Natijada, 43 yoshli piyoda D.T. olgan og`ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.
Mazkur YTH yuzasidan 26 avgust kuni Samarqand tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o`limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma`lumot o`rnida, yuk avtomobil haydovchisi ushbu ko`chadagi xonadondan to`y-xasham jihozlarini ortib ketayotgan, mast piyoda esa to`ydan mast holda chiqib ketayotgan bo`lgan. Haydovchi bir yil davomida ikki marotaba qoidabuzarlik sodir etgani aytilmoqda.
Barcha haydovchilardan transport vositasini orqaga boshqargan vaqtlarida ehtiyotkor bo`lishlarini, piyodalar mast holda o`z hayotini xavf ostiga qo`ymasliklarini so`rab qolamiz, deyiladi xabarda.






