AsosiyJamiyat

Mutaxassis pandemiya sharoitida yosh kelin va kuyovlarga o`z maslahatini berdi

'Mutaxassis pandemiya sharoitida yosh kelin va kuyovlarga o`z maslahatini berdi'ning rasmi

 To`ygacha bo`lgan davrda yugur-yugurlar ko`p bo`lgani bois kelin va kuyovlarni immuniteti tushib ketadi. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Barno Ubaydullaeva “Shifobaxshuz” kanaliga ma`lum qildi.

Barno Ubaydullaevaning aytishicha, hozirgi pandemiya sharoitida kelin va kuyovlar o`zlariga juda e`tiborli bo`lishi lozim.

 «Ular to`y qachon bo`lish muddatini biladi, kap-katta insonlar. Karantin e`lon qilingan vaqtdan buyon asosiy uchta talab: sanitariya va gigiena qoidalariga rioya qilish, ijtimoiy masofani saqlash, niqoblar taqish aytib kelinmoqda. Mana shu uchtagina qoidaga jiddiy e`tibor berilsa, virus yuqtirish ehtimoli juda kamayadi. Buni Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti isbotlab berdi», – dedi mutaxassis.

Uning alohida ta`kidlashicha, to`ygacha kelin va kuyovda yugur-yugurlar ko`p bo`lgani bois vaqtida ovqatlanmaslik, vaqtida uxlamaslik natijasida ularning immuniteti tushib ketadi. Bu esa virus yuqishi va og`ir kechishini oshiradi.

«Shuning uchun ular kun tartibini to`g`ri tuzishi – o`z vaqtida ovqatlanishi va dam olishi foydali. Shuningdek, ortiqcha uchrashuvlardan o`zlarini saqlab turishi kerak. Chunki bir-birini salomatligini – kelin tushayotgan oilani, kuyov esa kuyov bo`layotgan oilani salomatligi o`ylashga majbur. Hozirgi faqat o`zimizni emas, boshqalarni ham salomatligini o`ylaydigan vaqt», – dedi shtab a`zosi.

O`zbekchilikda yoshi katta insonlar marosimlarda bosh bo`lib turadi, ikki yoshga keksa otaxon va onaxonlarimiz duo beradi.

 Barno Ubaydullaeva to`y qilayotgan insonlarning yaqin qarindoshi bo`lmagan, xavf guruhida bo`lgan yoshi kattalarni to`y va marosimlarga vaqtinchalik bormay turishni maslahat berdi.

 «To`ylar va katta marosimlarni bilamiz – har xil toifadagi, xar xil yoshdagi insonlar keladi. Ular bilan muomila qilishga majbur bo`linadi va bunda virus yuqtirish darajasi oshadi. Shuncha vaqt yoshi ulug`larni uydan chiqarmay, asrab-avaylab keldik. Hali shoshilmasligimiz zarur, biz hali ham pandemiya davrida yashayapmiz», – deya qo`shimcha qildi u.

Ma`lumot uchun: Kelin va kuyovlarga to`ydan avval koronavirusga test topshirishi qo`shimcha himoya bo`lishi mumkin, lekin bu ham 100 foizlik aniqlik bermaydi.

    Boshqa yangiliklar