Koronavirus infeksiyasining tarqalishi pandemiya darajasiga chiqqan shu kunlarda sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlaridan o`z xizmat vazifalariga yanada mas`uliyat bilan yondashish talab etiladi.
Urganch shahar SEOM rahbari, Z.Q. esa o`ziga bildirilgan ishonchni suiiste`mol qilib, xizmat vakolatidan foydalangan holda noqonuniy ravishda shaxsiy boylik orttirish rejasini tuzdi. Bu haqda Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Qassobchilik faoliyati bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan bo`lgan, Urganch tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, kelgusida tadbirkorlik faoliyatining soliq organlari tomonidan tekshirilmasligini ta`minlab berishni va`da qilib, firibgarlik yo`li bilan 300 000 so`m pul talab qilgan, Z.Q. joriy yilning 25 avgust kuni Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida talab qilgan summadagi pulni olayotgan paytida jinoyat ustida qo`lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.






