AsosiyJinoyat

"Kichik o`g`limni ham o`ldiraman..." 5 yoshli qizini avval o`ldirib, so`ng o`choqda yoqib, daryoga tashlashga majbur qilgan onaning jinoiy sherigi – ota xotini bu ishni qanday qilganini gapirib berdi

'"Kichik o`g`limni ham o`ldiraman..." 5 yoshli qizini avval o`ldirib, so`ng o`choqda yoqib, daryoga tashlashga majbur qilgan onaning jinoiy sherigi – ota xotini bu ishni qanday qilganini gapirib berdi'ning rasmi

Toshkent shahar prokuraturasi ma`lumotiga tayanib, bundan 10 oy avval er-xotin ijarada yashab kelgan xonadonda spirtli ichimlik iste`mol qilib, farzandini urib, do`pposlab, qasddan o`ldirgani haqida xabar bergandik. 2020 yil 12 avgust kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida, ochiq sud majlisida jinoyat ishini ko`rib chiqildi va hukm o`qildi...

35 yoshli ayol sha`riy nikohdagi 52 yoshli turmush o`rtog`i va o`zining birinchi turmushidan bo`lgan farzandlari bilan birgalikda ijarada yashab kelgan. Turmush o`rtog`i ishda, o`zi esa uyda farzandlari bilan birga bo`lgan vaqtida, birinchi turmushidan bo`lgan 2014 yilda tug`ilgan qizi ikkinchi turmushidan bo`lgan kichik farzandlariga nisbatan salbiy munosabatda bo`ladi. Ayolda yuzaga kelgan nafrat va g`azab natijasida ojiz ahvolda bo`lgan qizini qasddan o`ldirish maqsadida, dastlab uning boshini devorga urib, keyinroq esa o`qlov bilan tanasining boshqa qismlariga urib-do`pposlaydi. Bola olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

Bundan tashqari, ayol jinoiy harakatlarini davom ettirib, voqea kuni shar`iy nikohidagi turmush o`rtog`i ishdan uyga qaytgan vaqtida, bola og`ir tan jarohatlari sababli vafot etganini bilgach, xotini bilan jinoiy til biriktiradi. Jinoyatini yashirish maqsadida er-xotin bolaning murdasini Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanidagi dala hovliga olib borishadi. Bolaning murdasini tahqirlab, tanib bo`lmas holatga kelgunicha dala hovlining o`chog`ida kuydirib, murda qoldiqlarini esa polietilen qopga joylashtirishib, Chirchiq daryosiga tashlab yuborishgan.

                  “O`Z FARZANDIMNI QOTILI BO`LISh ISNOD”, DEYa ANChA VAQT YIG`LADI”

Sudda sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan ayol o`ziga nisbatan e`lon qilingan ayblovga umuman iqror bo`lmadi. Eri esa ayblovga qisman iqror bo`ldi...

— Xotinim bilan 2015 yil Moskvada tanishimning tug`ilgan kunida tanishganmiz. U menga ikki nafar farzandi borligi, ularni boqishga qiynalib qolganini aytdi. Shundan so`ng yaqinroq tanishib, 2015 yil shar`iy nikoh bilan turmush qurdik. Turmushimiz davomida ikki nafar o`g`il farzandli bo`ldik. Uning birinchi turmushidan uch nafar farzandi bor edi. 2019 yil birinchi turmushidan bo`lgan to`ng`ich o`g`lini nikoh to`yida ishtirok etish hamda ikka nafar o`g`lim tez-tez kasal bo`lgani sababli O`zbekistonga qaytib kelganmiz. Namangandagi uyimda birinchi oilam va o`g`illarim yashagani uchun bu ayol bilan Toshkentda yashashga qaror qilganmiz. Qurilishda ishlab yurganimda xotinim qo`ng`iroq qilib, farzandi kasal bo`lib qolganini aytib, uyga kelishimni so`radi. Boshliqdan ruxsat so`rash bilan birga biroz dori-darmon olish uchun pul ham so`radim. Pul emas, ruxsat berdi. Uyga kirishim bilan birinchi turmushidan bo`lgan qizini o`ldirib qo`yganini aytdi. Nima bo`lganini tushunmay, bola yotgan xonaga kirdim. Qizaloq erga yotqizilgan, ustiga yopinchiq tashlab qo`yilgandi. Yopinchiqni ochib, uning yuziga bir-ikki engil shapaloq urganimda, yuzi qotib qolganini bildim. Nima bo`lganini so`raganimda, voqea tafsilotlarini aytib berdi. Shunda “onangga qo`ng`iroq qilib, muammoni o`zlaring hal qilinglar”, dedim. Xotinim kichik o`g`limizni mahkam ushlab, “Odamlar “onasi qizini o`ldiribdi”, deyishgach, katta qizimni hech kim so`ramay qo`yadi. Agar onamga qo`ng`iroq qilsangiz, kichik o`g`limni ham o`ldiraman”, dedi. Birinchi o`g`il farzandim tug`ilganida shifokorlar xotinimning ruhiyati yaxshi emasligini aytgani esimga tushdi. Shu sababli unga “Nima qilsang qil, bolamni qo`yib yubor”, dedim. So`ng “qizimning murdasini yo`q qilishda yordam bering. Onamga qo`ng`iroq qilmang. Hammasiga o`zim javob beraman”, dedii. Noiloj rozi bo`ldim. Birozdan so`ng egulik olish maqsadida xotinim va bolalarim bilan birgalikda ko`chaga chiqdik. Xotinim bir shisha aroq ham sotib oldi. Pulni qaerdan olganini so`rasam, “Ziragimni 350.000 so`mga sotdim”, dedi. Uyga kirgach, aroq ichib, o`ziga kelganini aytdi. “O`g`illarim juvonmarg bo`lib ketmasin. Qamalib ketsak, kimlarni qo`lida xor bo`lishadi? O`z farzandimni qotili bo`lish isnod”, deya ancha vaqt yig`ladi. Birozdan so`ng muzlatgichdan pivo olib ichdi... 

Xotinim telefon va kalitlarimni olib qo`ydi. Ertasi kuni xotinim va farzandlarim bilan yana ko`chaga chiqib, qizni murdasini ko`mish uchun joy qidirdik. Lekin joy topa olmadik. Rossiyada bo`lgan vaqtimizda, ko`proq shashlik qilish uchun o`rmonga o`xshash joylarga borib turardik. Xotinim ham shashlik qilish bahonasida toqqa chiqib, o`sha erlarga ko`mib kelishni aytdi. Do`stlik-2 mavzesiga borib, u erda tashlandiq joylarni ko`rib keldik. Lekin u joylarda ham ko`mishning imkoni bo`lmadi. Yo`lda xo`jalik mollari do`konidan bir dona sopsiz belkurak va bir shisha o`t oldirish uchun yoqilg`i sotib oldik. Uyga kelib, internet orqali Bo`stonliqdan dala hovli qidirib, bir kecha tunab qolish uchun makler bilan 250.000 so`mga kelishdik. Xotinim bolasining murdasini sumkaga joylashtirdi. Taksi kelganidan so`ng birgalikda yo`lga chiqdik. Ilgari gaplashgan dala hovlimizni boshqalarga ijaraga berib yuborilganini bildik. O`sha erdagi notanish makler o`zining dala hovlisini bir kechaga 250.000 so`mga berishini aytdi. Qorovuliga pasportimni berib, hovliga joylashishdik. Murda solingan chamadon esa darvozaxonada qoldi. So`ng xotinim va farzandlarim bilan yaqin atrofdagi do`konga borib, tuxum, kartoshka, bir shisha aroq sotib oldik. Birgalikda aroq ichdik. Shu kuni tunda xotinimga murdani yangi qurilayotgan dala hovli atrofiga ko`mishni taklif qildim. “Nima qilishni o`zim bilaman, murdani ko`mmayman. Agar itlar kovlasa, ochilib qoladi. Endi ishingiz bo`lmasin”, dedi. Ertasi kuni tongda meni uyg`otib, “murda sasib ketyapti”, dedi. Shunda murdani o`choq boshiga olib borib yoqayotganini ko`rdim. Murda o`choqqa joylashtirilgan, ustidagi qozonda suv qaynayotgandi. “Nimalar qilib qo`yding?” deya o`sha erdagi qo`lqopni qo`limga kiyib, qozonni oldim. Murdani ustiga suv sepib o`chirdim... Dala hovliga murdani ko`mish uchun borgandik, lekin xotinim nima sababdan yoqqanini bilmayman. Xotinim “Endi bu jinoyatda ikkalamiz sherikmiz, birgalikda javob beramiz”, dedi. Xotinim do`kondan polietilen qop olib keldi. Nima qilishini so`raganimda, “Murdaning qoldiqlarini qopga solib, yo`qotib kelaman”, dedi. Bunday qilmasligini aytganimda, “Endi menga sheriksiz. Xohlasangiz tashlab kelamiz, xohlamasangiz hech narsa qilmang”, dedi. Shunda noiloj murdani qopga joylashtirib, og`zini mahkamlab bog`ladim. Xotinim va farzandlarim bilan Chirchiq daryosi bo`yiga bordik. Qopni suv bo`yiga olib tushdim, ichiga 2-3 dona tosh solib, og`zini bog`lab, suvga tashlab yubordim...

Avtobusda Toshkentdagi metrogacha kelib, xotinimning qistovi bilan chamadonni shu erdagi axlat qutisiga tashlab, marshrutkada uyga ketdik. Shu orada uy egasi “Uyimni bo`shatib qo`yinglar”, deb talab qildi. Ijaraga uy qidirib, ijara haqi qimmatligini bilib, xotinimga qo`ng`iroq qildim. U “Hovli yoki bir xonali kvartira toping. Qizim yo`qolib qolgani haqida IIBga ariza yozib, onamga xabar berdim”, dedi... IIB xodimlariga esa bo`lgan holatni aytib berdim. 

Sudlanuvchi qizni o`ldirmagani va murdasini yoqmagani, faqat murdani yo`q qilishda xotiniga yordam bergani, qizlariga umuman tajovuz qilmagani aytib, suddan adolatli hukm chiqarishni so`radi. Sud ish bo`yicha to`plangan dalillarga baho berib, sudlanuvchilarning sodir qilgan jinoyatlari o`z tasdig`ini topgan va dalillar bilan isbotlangan deb hisoblaydi.

Zafar NURMATOV, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi:

— Ayol JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi va 134-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sudlanuvchiga JKning
59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil o`tash uchun 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Turmush o`rtog`i esa JKning 97-moddasi 2-qismi “v”, “p” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etilishiga daxli bo`lmagani sababli, JPKning 83-moddasi 3-bandiga asosan aybsiz deb topilib, reabilitasiya qilindi. Sudlanuvchiga JKning 134-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga shu modda bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

                                                                                                                                                S.ALLABERGANOVA

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar