AsosiyJamiyat

Alisher Shodmonov: Maktablarni epidemik o`choqqa aylantirib qo`yishga haqqimiz yo`q

'Alisher Shodmonov: Maktablarni epidemik o`choqqa aylantirib qo`yishga haqqimiz yo`q'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida maktablarda 2020-2021 o`quv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta`minlash chora-tadbirlariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir pandemiya sharoitida mahalliy hokimliklar, tibbiyot va ta`lim muassasalari oldida turgan dolzarb muammolarni sanab, ularning echimlariga to`xtalib o`tdi.  Misol uchun, mamlakatimizdagi mavjud 9 942 ta maktabning barchasi ham toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmagan. Mahalliy hokimliklar tomonidan bu muammo hal etilishi muhimligi ta`kidlandi.  

— Ta`lim muassasalarida tozalik va ozodalikni saqlash, dezinfeksiya ishlariga alohida e`tibor qaratishimiz muhim bo`lgan masalalardan biri, — dedi Alisher Shadmanov. — Bu uchun sanitariya xizmati markazlari shu yilning 5 sentyabriga qadar o`z xududlaridagi o`quv dargohlarini tayyorgarlik holatini o`rganib, maktab jamoasini tekshiruvchi bo`lib emas, balki ularga  har jihatdan amaliy  ko`mak berib, dars jarayonlarida epidemiologik xavfsizlikni ta`minlash borasida trening va repetisiyalar o`tkazishi zarur. 480 ming nafardan ortiq o`qituvchi faoliyat ko`rsatadigan va 6,2 million nafardan oshiq o`quvchi tahsil oladigan ta`lim muassasalarini epidemik o`choqqa aylantirib qo`yishga haqqimiz yo`q, — deb so`zini davom ettirdi Sog`liqni saqlash vaziri.

Yig`ilishda, shuningdek, ta`lim muassasalarining 1 057 tasida tibbiyot xonalari mavjud emasligi, tibbiyot xonalari va izolyatorlarni tashkil etishda mahalliy hokimliklar va xalq ta`limi mutasaddilariga tibbiyot xodimlari o`z tavsiyalari va ko`rsatmalari bilan yaqindan yordam berishi aytildi.

Bundan tashqari, maktab oshxonalarining holati, ularning sanitariya talablariga javob berishi zarurligi, sifatiga shubha qilingan ovqatlarni muassasa hududiga kiritish va noqonuniy savdoning oldini olish kerakligi, ko`p maktablarda hojatxonalarning ham gigiena talablariga javob bermasligi kabi qator muammolarga ham to`xtalib o`tildi.  

    Boshqa yangiliklar