Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent va Toshkent viloyatidagi ayrim poliklinika hamda tug`ruqxonalarda bolalarni rejali emlashdan bosh tortishayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Bunga vaksinalar etishmovchiligi sabab qilib ko`rsatilgan. Aytilishicha, bolalarni profilaktik emlash bo`yicha muammolar yurtimizda karantin boshlangandan buyon yuzaga kelgan. Ushbu holatni Sog`liqni saqlash vazirligi o`rganishi kerakligi, emlashdan nega bosh tortishayotganiga va vaksinalar etishmovchiligiga aniqlik kiritish so`ralgan.
Mazkur xabarlardan so`ng Bola huquqlari bo`yicha vakil (Ombudsman) Aliya Yunusova Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga so`rov yubordi.
"O`zbekistonda yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash dasturi hamisha asosiy ustuvor yo`nalishlardan biri hisoblanadi. Jamiyat salomatligi va ayniqsa bolalar sog`lig`i bo`yicha davlat har tomonlama g`amg`o`rlik qilmoqda.
Davlatning muhim yutuqlaridan biri ko`p yillardan beri milliy emlash dasturiga davlat siyosati sifatida qaralishidir. Bu esa emlash bilan qamrab olish va yuqori ko`rsatkichlarga erishishda rejali emlashni iqtisodiy ta`minotida oldiga qo`yilgan vazifalarni birgalikda hal qilinishida zamin yaratadi.
Dastur O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O`zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari va qonunosti hujjatlari bilan kuchli siyosiy qo`llab-quvvatlangan.
O`zbekistonda immunoprofilaktika bo`yicha milliy siyosati JSSTning tibbiyot sohasida tasdiqlangan talablari bo`yicha belgilangan asoslarga mo`ljallangan bo`lib, epidemik ko`rsatmalar asosida milliy emlash kalendari barchaga bepul va bir xil tayinlanadi.
Sizdan, bola huquqlarining buzilishiga olib keluvchi ushbu holatlarni o`rganib chiqib, bu holatlarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan chora-tadbirlaringiz haqida ma`lumot berishingizni so`rayman", deyiladi so`rovda.