AsosiyJamiyat

Namangan – Andijon – Marg`ilon – Qo`qon elektrlashtirilgan halqa temir yo`li ishga tushirildi

'Namangan – Andijon – Marg`ilon – Qo`qon elektrlashtirilgan halqa temir yo`li ishga tushirildi'ning rasmi

Oltin vodiy ahliga ko`p yillik kutilgan bayram tuhfasi taqdim etildi.

Bugun, 30 avgust kuni soat 9:00 da Namangan – Andijon – Marg`ilon – Qo`qon elektrlashtirilgan halqa temir yo`lining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Axborot-tahliliy media markazi xabar berdi.

Ushbu tadbirda "O`zbekiston temir yo`llari" aksiyadorlik jamiyati raisi v.b. X.Hosilov hamda tizimdagi qator korxona-tashkilotlar rahbarlari, boshqarma boshliqlari, shuningdek, mehnat fahriylari, Namangan shahar hokimi va OAV vakillari ishtirok etishdi.  

Tadbir ishtirokchilari elektrlashtirilgan halqa yo`li bo`ylab harakatini boshlagan dastlabki elektropoezdning ilk yo`lovchilari bo`lishdi.  

Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati quruvchi-mutaxassislari Farg`ona vodiysidagi halqa temir yo`lini elektrlashtirish loyihasining uchinchi bosqichi bo`lgan 100,6 kilometr masofaga ega Namangan – Andijon temir yo`lida elektrlashtirish ishlarini tugatishdi.

Natijada umumiy uzunligi 331,6 kilometrlik vodiy halqa temir yo`li to`liq elektrlashtirilib, yuk va yo`lovchi elektropoezdlarining harakatiga imkoniyat yaratildi. Ta`kidlash lozimki, mamlakatimiz temiryo`lchilari tomonidan vodiy temir yo`llarini to`liq elektrlashtirish orqali yuk va yo`lovchi tashish sifatini oshirish, tezyurar poezdlar qatnovini shakllantirish hamda dizel yoqilg`isida harakatlanayotgan teplovozlar o`rnini zamonaviy elektrovozlarga almashtirish maqsadida elektrlashtirishga katta ahamiyat qaratildi.   

Yurtimizning sharqiy qismidagi uch viloyatni (Namangan, Andijon va Farg`ona) temir yo`l orqali bog`lagan ushbu halqa temir yo`lini elektrlashtirish ishlari belgilangan rejaga ko`ra bosqichma-bosqich sifatli va ishonchli bajarildi. Birinchi bosqichda dastlabki elektrlashtirish ishlari Pop shahridan boshlanib, Qo`qon, Marg`ilon, Asaka hamda Andijon hududlarigacha bo`lgan yo`nalishlarda temiryo`lchi-energetiklar tomonidan elektrlashtirish ishlari sifatli amalga oshirildi. Ushbu uchastkaning uzunligi 186 kilometrni tashkil etib, 2016 yilda foydalanishga topshirilgan. 


2019 yil ikkinchi bosqichda uzunligi 45 kilometr bo`lgan Pop – Chust – To`raqo`rg`on – Rauston – Namangan oralig`ida elektrlashtirish ishlari bajarilgan edi. Va nihoyat so`nggi uchinchi bosqichda Namangan – Andijon  uchastkasini elektrlashtirish ishlari jadal suratlarda olib borilib, qisqa fursatda yakuniga etkazildi. Mazkur yo`nalishning uzunligi 100,6 kilometrni tashkil etadi. So`nggi bosqichda bajarilgan sifatli ishlar natijasida vodiy halqa temir yo`li to`liq elektrlashtirildi. Kelgusida “Pop – Namangan – Andijon” uchastkasida kontakt tarmog`iga sifatli xizmat ko`rsatish maqsadida Fransiya davlatidan zamonaviy 2 ta drezina va 2 ta maxsus xizmat avtomashinalari keltirildi. 


2020 yilning 30 avgust kuni erta tongda vodiy halqa temir yo`li bo`ylab dastlabki yo`lovchi elektropoezdining yangi barpo etilgan Namangan temir yo`l vokzalidan dastlabki harakati yo`lga qo`yildi. Ushbu yo`nalishdagi poezdlarning doimiy qatnovi Qo`qondan harakatlanib, Pop, Namangan, Andijon hamda Marg`ilon vokzallaridan o`tib yana Qo`qon vokzaliga keladi.

    Boshqa yangiliklar