Korrupsiya kabi illat har qanday jamiyatda qoralanadi. Barcha davlatlar uchun umumiy bo`lgan muammoni hal qilish uchun ularning aksariyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Xalqaro hamjamiyatda korrupsiyani oldini olish va uni yo`q qilishning samarali chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadida majburiy xarakterga ega bo`lmagan xalqaro shartnomalar hamda tavsiyalar qabul qilinib, ulardan korrupsiyani monitoring qilishning samarali mexanizmi sifatida foydalaniladi.
Bugungi kunga kelib, xalqaro tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish masalasida bir qator xalqaro hujjatlar qabul qilinganligi muammoning muhimligini va korrupsiyaga qarshi kurashish dunyoning barcha davlatlarining vazifasi ekanligini tasdiqlaydi. Jumladan:
– Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloqiy kodeksi
(Nyu-York, 1996 yil 12 dekabr);
– Korrupsiya bo`yicha jinoiy javobgarlik konvensiyasi
(Strasburg, 1999 yil 27 yanvar);
– Korrupsiya bo`yicha fuqaroviy-huquqiy javobgarlik konvensiyasi (Strasburg, 1999 yil 4 noyabr) va mazkur Konvensiyaga qo`shimcha protokol (Strasburg, 2003 yil 15 may);
– Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (2003 yil 31 oktyabr) va boshqalar qabul qilingan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003 yil
21 noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 2004 yildan boshlab “9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanmoqda.
O`zbekistonning 2008 yili BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga, 2010 yili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha Istanbul harakat rejasiga qo`shilishi – korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yaratishda muhim qadam bo`ldi. Ayniqsa, IHTTning korrupsiyaga qarshi kurashish Istanbul harakat rejasi doirasida To`rtinchi raund natijalari bo`yicha O`zbekistonga tavsiyalarida “davlat xizmati” tizimini isloh qilinishida bir qator muhim tavsiyalar belgilangan. Xususan, 5.1 va 5.4-bandida Davlat xizmati to`g`risidagi yagona qonunni qabul qilinishi, unda manfaatlar to`qnashuvini oldini olish va tartibga solish haqida asosiy qoidalarni belgilash va ularni amaliyotda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qo`llanishini ta`minlash; manfaatlar to`qnashuvi va uni tartibga solish haqida xabar berish qoidalarini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilash, o`ziga yoki yaqinlari uchun foyda olish maqsadida manfaatlar to`qnashuviga
yo`l qo`yish natijasida ko`p miqdorda zarar kelib chiqqan hollarda mansabdor shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini kiritishni ko`rib chiqish kabi tavsiyalar belgilangan.
Xalqaro va milliy qonun hujjatlari asosida, mansabdor shaxslarga korrupsiyaviy harakatlarni sodir etishi uchun imkoniyat yaratayotgan omillarni bartaraf qilish – har bir davlat organining doimiy vazifasiga aylanmoqda.
Hozirda milliy qonunchilikni zamonaviy talablarga muvofiqlashtirish maqsadida yangi normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish va amaldagi qonun hujjatlarni takomillashtirishni talab qilmoqda.
Bu borada korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro stadartlarini milliy qonunchilikka implementasiyasi nafaqat milliy darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashishning zaruriy sharti bo`libgina qolmay, balki global korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tartibini shakllantirilishida muhim ahamiyat kasb etadi
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro standartlarni o`rganish hamda ularni milliy qonunchilikka implementasiya qilish korrupsiyaga qarshi kurash bo`yicha samarali tizimni joriy etishda hamda davlat xizmatchilari orasida mazkur illatning bartaraf etilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Jo`raeva Feruza, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi etakchi inspektori






