2020 yilning 03 sentyabr kuni soat 10:00 da haydovchi 39 yoshli B.U., boshqaruvida bo`lgan “BMW” rusumli avtomashinasida Chust tumani Varzik-Qoraqo`rg`on avtomobil yo`li bo`ylab Varzik yo`nalishining 1-kilometrida harakatlanib ketayotgan vaqtida boshqaruvni yo`qotib yo`lning chap tomonidagi beton to`siqqa urilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Oqibatda avtomashinada bo`lgan 2 nafar yo`lovchi ya`ni 33 yoshli M.U. va uning qizi voyaga etmagan 3 yoshli R.U.,lar hodisa joyida vafot etgan, haydovchi va 3 nafar yo`lovchilar turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
YTH sodir bo`lgan joyga tergov-tezkor guruhi chiqib, hodisa joyi ko`zdan kechirilgan, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Chust tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o`limiga sabab bo`lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






