AsosiyJinoyat

Navoiylik poraho`r maktab direktori ozodlikdan mahrum etildi

'Navoiylik poraho`r maktab direktori ozodlikdan mahrum etildi'ning rasmi

Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo`llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Aksariyat mansabdor shaxslar bu atamaning mohiyatini anglab etmasdan o`z mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlari yo`lida foydalanib, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur etkazadigan, inson huquqlari buzilishiga olib keladigan va boshqa salbiy hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib kelishmoqda, deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Karmana tuman sudi raisi J.Karimov.

 2020 yil 28 iyul kuni jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy viloyati Karmana tumani sudining ochiq sud majlisida Xatirchi tumani
62-sonli umumta`lim maktabi direktori lavozimida ishlagan Rizaev Anvarga (shaxsi o`zgartirilgan) nisbatan bo`lgan jinoyat ishi ko`rib chiqildi.

A.Rizaev maktabning umumiy faoliyatiga rahbarlik qilish, pedagog xodimlarga bo`lgan ehtiyojni aniqlash, tegishli malaka va kompetensiyalarga ega xodimlarni tanlash va joylashtirish, kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ijro, mehnat va ishlab chiqarish intizomiga rioya qilinishini ta`minlash kabi vakolatga ega ma`muriy-xo`jalik vazifalarini amalga oshiradigan davlat organi mansabdor shaxsi hisoblanadi. 

Shunday bo`lsada,  o`zi rahbarlik qilib kelayotgan maktabda kotiba vazifasida ishlab kelayotgan F.Sultonovani shtat birligi kadrlar bo`yicha menejerga o`zgartirganidan foydalanib, uni 03.02.2020 yilda ish o`rni qisqarganligi va boshqa ish o`rni mavjud emasligi vaji bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 01.03.2020 yildan bekor qilinishi haqida ogohlantirish xati beradi.

Vaholangki, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 103-moddasiga ko`ra mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyatining o`zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun beriladigan imtiyozli huquqqa ega. Buni yaxshi bilgan direktor uni pora berishidan umidvor bo`lgan. 

Shundan so`ng, mazkur maktabning kimyo fani o`qituvchisi O`.Sultonov X.Quchqorovga turmush o`rtog`i F.Sultonova bilan yangi mehnat shartnomasi imzolash va ishda qoldirishni so`rab murojaat qilganidan  foydalanib, qonunga xilof ekanligini bilgani holda F.Sultonovani maktabning kadrlar bo`yicha menejer vazifasiga ishga qabul qilish uchun O`.Sultonovdan tamagirlik yo`li bilan 200 AQSh dollari miqdorida pora berishni talab qiladi. 

So`ng undan kimyoviy ishlov berilgan 1 mln. 200 ming so`m pullarni 2020 yil 08 may kuni soat 17:00 larda o`zining xizmat xonasida olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.

Sud, A.Rizaev aybiga to`liq iqrorligini, qilmishidan pushaymondaligini, shaxsini, yoshini, oilaviy sharoitini, jazoni engillashtiruvchi va og`irlashtiruvchi holatlarini inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan JKning 45,57-moddalari tartibida 2 yil muddatga halq ta`limi sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilish hamda 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

    Boshqa yangiliklar