Toshkent shahar IIBB ma`lum qilishicha, bugun taxminan soat 11.00 da Shayxontohur tumani Shofayiz ko`chasida boshqa shaxsga tegishli bo`lgan “Lacetti” rusumli avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqarib borgan 18 yoshli Bekzod Yu. ikki nafar piyodalarni urib yuborgan va boshqaruvni yo`qotib, qarama qarshi harakat yo`liga o`tib 51 yoshli Ma`rufjon K. boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomobilga to`qnashgan.
YTH natijasida piyodalar – 22 yoshli N.M. (K.) va uning ikki yoshli qizi N.K.lar badan shikastlaridan voqea joyida hayotdan ko`z yumdilar. Avtomobil haydovchilari shifoxonaga olib ketilgan.
“Lasetti” avtomobili haydovchisiga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 2 qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan ayb e`lon qilindi. Sud ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo`lladi.
Eslatib o`tamiz, 1 sentyabr kuni “Lacetti”ni boshqarib kelayotgan 19 yoshli Temurbek M. Mirobod ko`chasidan chiqib, boshqaruvni yo`qotgan va yo`l chetida to`xtab turgan “Captiva” avtomobiliga to`qnashgach, inersiya tufayli harakatni davom ettirib, YPX xodimini urib yuborishi natijasi uning o`limiga sababchi bo`lgan edi.






