Xalqimizda “Ota bo`lish oson, ammo otalik qilish qiyin”, degan naql bejiz aytilmagan. Bu so`zlar otalik burchini ado qilish naqadar mas`uliyatli vazifa ekanligi, buni to`la uddalay olmaydigan kishilar ham borligiga ishora qiladi. Ayniqsa, umr yo`ldoshi bilan birga yashamayotgani yoki ajrashgani sababli voyaga etmagan farzandini moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlab yurgan otalarga ko`proq taalluqli bu gap. Ayniqsa “ota” Muxtor Soipov (ism-sharifi o`zgartirilgan) 3 marotaba uylanib, 3 ta ayolidan ham 1 nafardan farzandli bo`lib, aliment to`lashdan qasddan bo`yin tovlagani achinarlida.
O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, ota-onalarga o`zlarining voyaga etmagan yoxud voyaga etgan bo`lsalar ham, mehnatga layoqatsizliklari bois moddiy yordamga muhtoj bo`lgan bolalarini ta`minlash majburiyati yuklangan.
Birinchi turmush o`rtog`i bilan bog`liq qarzdorlik: Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan viloyati, Chust tumanlararo sudining 11.10.2014 yildagi sud buyrug`iga asosan huquqbuzar Muxtor Soipovdan (ism-sharifi o`zgartirilgan)undiruvchi Maftuna Mirzaevaning foydasiga bir nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta`minoti uchun 2014 yil noyabr oyidan boshlab har oyda barcha ish haqi va daromadlarining 1/4 (to`rtdan bir) qismi miqdorida aliment to`lanishi belgilangan bo`lib. Qarzdor Muxtor Soipov tomonidan 2020 yil yanvar oyidan 2020 yil avgust oyiga qadar ya`ni ikki oydan ortiq muddatda, 4.983.130 so`m aliment to`lovini to`lashdan bo`yin tovlab kelgan.
Ikkinchi turmush o`rtog`i bilan bog`liq qarzdorlik: Fuqarolik ishlari bo`yicha Namangan viloyati, Chust tumanlararo sudining 10.10.2017 yildagi sud buyrug`iga asosan huquqbuzar Muxtor Soipovdan undiruvchi M.Turgunovaning foydasiga bir nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta`minoti uchun 10.10.2017 yildan boshlab har oyda barcha ish haqi va daromadlarining 1/4 (to`rtdan bir) qismi miqdorida aliment to`lanishi belgilangan bo`lib. Qarzdor Qozoqov Sardor Davlatalievich tomonidan 2020 yil yanvar oyidan 2020 yil avgust oyiga qadar ya`ni ikki oydan ortiq muddatda, 4.433.130 so`m aliment to`lovini to`lashdan bo`yin tovlab kelgan.
Sud majlisida so`ralgan huquqbuzar Muxtor Soipov aybiga iqror bo`lib, sobiq turmush o`rtog`larining foydasiga bir nafar voyaga etmagan farzandlarini moddiy ta`minoti uchun 2014 yil noyabr oyidan boshlab aliment to`lashi belgilangan bo`lsa-da, shu kunga qadar alimentdan 4.983.130 so`m qarzi borligini, ikkinchi turmushidan bir nafar voyaga etmagan farzandi uchun 4.433.130 so`m aliment qarzi borligini, xozirda uchinchi marotaba shariy nikoxdan o`tganini, hech qaerda ishlamayotganligi sababli aliment to`lovini to`lashni imkoni yo`qlinigini bildirib, engillik berishni so`radi.
Sud, Muxtor Soipovga jazo tayinlashda uning aybiga iqrorligi, chin ko`ngildan pushaymonligi, sodir etgan huquqbuzarlik xususiyatini, ijtimoiy xavflilik darajasini e`tiborga olib, unga nisbatan ayblangan modda sanksiyasida ko`rsatilgan ma`muriy qamoq jazosi tayinlashni, shuningdek oilaviy sharoitini hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasi “Ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash harajatini undirish to`g`risida”gi Qonunining 2-qismi 2-xatboshiga asosan ma`muriy qamoqda saqlash harajatlarini to`lashdan ozod qilishni lozim topdi.
Albatta, bunday misollarni yana keltirish mumkin. Biroq gap kimningdir qarz summasi ko`p-ozligi yoki ma`muriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilganida emas, balki otaning farzandlarini moddiy jihatdan ta`minlashga majburligini nechog`lik anglab etishidadir. Chunki Konstitusiyamizning 64-moddasida “Ota-onalar farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”, deb qat`iy belgilangan. Zero, hayotda bolajonlar ko`ziga quvonch baxsh etishdan ham ortiqroq baxt bo`lmasa kerak.
Samadjon QODIROV, Pop tuman ma`muriy sudining raisi