Farg`ona viloyatining Quva tumanida 18 yoshli fuqaroni urib, uning 2 million so`mlik ikki qop bodomi va telefonini talon-toroj qilgan 6 kishi qo`lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Aytilishicha, Quva tumani O`zbekiston ko`chasiga 2020 yilning 27 avgust kuni soat 03:40 da «Matiz» rusumli avtomashinada kelgan noma`lum shaxslar 18 yoshli X.T.ning jag` sohasiga mushti bilan urib, jami narxi 2 million so`m bo`lgan 2 qop bodom va «Samsung Galaxy A20» rusumli telefonini olib, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Quva tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «a» bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni 24 yoshli I.M., F.G`., D.M., 25 yoshli N.U., 26 yoshli M.K., 22 yoshli T.Q. sodir etganligi aniqlangan. «Matiz» rusumli avtomashinani I.M. boshqarganligi aniqlanib, X.T.ga tegishli «Samsung Galaxy A20» rusumli uyali telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, I.M. va uning sheriklari Farg`ona viloyatining boshqa tumanlarida shu kabi jinoyatlar sodir etganliklari aniqlangan va ularning barchasi ushlangan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Quva tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan I.M. shu tumanda jinoyat sodir etib ushlanganligi sababli ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






