Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bir nechta fuqarolar murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o`tkazdi. Bu haqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Xayot Shamsutdinov xabar berdi.
Unda T.R. va boshqalar o`zlarini go`yoki, “N.” xorijiy kompaniyasining Qashqadaryo viloyatidagi rasmiy vakili sifatida tanishtirib, 17 ta xorijiy kompaniyaning soxta aksiyalarini sotish evaziga 2 ming nafarga yaqin fuqarodan jami 9 mln AQSh dollari (15 sentyabrdagi MB kursiga ko`ra, 92,6 milliard so`m) yig`ib olishgan.
Shuningdek, yanada ko`proq pul mablag` jalb etish hamda mijozlar sonini orttirish maqsadida yig`ilgan 9 mln AQSh dollaridan 800 ming AQSh dollarini odamlarga foiz hisobida berishgan.
Bundan tashqari, T.R. o`ziga 78 ming AQSh dollariga “Volkswagen”, o`g`li A.N. nomiga 2 ta «Lasetti» rusumli avtomashinasini va Qarshi shahridagi savdo do`konini sotib olib, jinoiy faoliyatdan olgan daromadlarni legallashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan T.R. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






