AsosiyJamiyat

Parkent tumani hokimligi zaxira byudjetdan sotib olgan "Kaptiva" yuzasidan izoh berildi

'Parkent tumani hokimligi zaxira byudjetdan sotib olgan "Kaptiva" yuzasidan izoh berildi'ning rasmi

"Parkent tumani hokimligi zaxira byudjetdan 269 mln so`m ajratib, 260 mln so`mga "Kaptiva" rusumli avtomobil xarid qilgan". Bugun ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy internet-nashrlarda ushbu xabar keng tarqaldi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov mazkur holat yuzasidan izoh berdi:

"Haqiqatan ham, tuman hokimligi "Kaptiva" rusumli avtomashina uchun shu kunlarda mablag` o`tkazgan. Vositachi korxona ta`sischilaridan biri tuman hokimining o`g`li ekanligi ham to`g`ri. Ammo o`rganishlarimiz natijasida qo`shimcha tafsilotlar yuzaga chiqqach, vaziyat haqida jamoatchilikka axborot berishga jazm etayapman.

O`zingizga yaxshi ma`lumki, Parkenttog` va tog`oldi hududlardan tarkib topgan. Shundan kelib chiqib, 2019 yilda tuman hokimligi "Kaptiva" yo`ltanlamas mashinasini xarid qilishni rejalashtirgan. Biroq o`sha vaqtda tuman byudjetida etarli mablag` bo`lmagani tufayli, tuman hokimining farzandi, ya`ni "MEGA KARER" MChJ ta`sischilaridan biri otasi foydalanishi uchun mazkur mashinani berib turgan.

Og`zaki kelishuvga ko`ra, tuman byudjetida etarli mablag` bo`lgan paytda pul o`tkazib beriladigan bo`lgan. Ya`ni mashina tuman hokimligi ixtiyoriga berilgan paytda yangi bo`lgan. Oradan bir yildan ko`proq vaqt o`tgach, to`lov qobiliyati shakllanganidan keyin bu mablag`lar firmaga baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan narxga ko`ra o`tkazib berilgan.

Yanayam aniqroq aytganda, tuman hokimining farzandi tuman hokimligiga yangi "Kaptiva"ni keyinroq to`lab berish shartiga rozi bo`lgan holda topshirgan. Qarindosh-urug`chilik rishtasidan, bu o`rinda, manfaat ko`zda tutilmagani, qaytaga avtomashinani real narxidan past bahoga xarid qilinganiga e`tibor qaratishingizni istardim".

Qobulovning yozishicha, pandemiya davrida Parkentda mahalliy byudjetdan 1 milliard 200 million so`m mablag` koronavirusga qarshi kurashish maqsadiga yo`naltirilgan (dori-darmon zaxirasi, kerakli jihozlar uchun). Shuningdek, tuman SEOMga zarur turdagi jihozlarni xarid qilishga 200 million so`m mablag` ajratilgan. "Changi" MFYdagi qishloq oilaviy poliklinikasida koronavirus kasalligi bilan og`rigan bemorlarni qabul qilishga ixtisoslashgan 40 o`rinli zaxira joy tayyorlanib, kerakli jihozlar bilan ta`minlandi. 

Jaydari qilib aytganda, byudjetning puli ko`chada qolmagan va bu borada o`ta kuchli nazorat tizimi mavjud.

Shuningdek, ma`lum bo`lishicha, tuman hokimi Nig`mat Muhamedov o`z oylik maoshidan jamg`argan puliga 10 ta sun`iy nafas olish uskunasini tuman shifoxonasiga bergan. 

"... Xulosa qilib aytganda, bu vaziyatda byudjet mablag`i talon-toroj bo`lgani haqida pisandalar baquvvat asosga ega emas. Qolaversa, hozir davlat xaridlari qachon va qaerdan amalga oshirilgani internet tarmog`ida e`lon qilinayapti. Rahbarning farzandi ta`sis etgan firma orqali texnika xarid qilingani – bu xarid asossiz, o`z navbatida, moliyaviy nayrang, deb baholash uchun etarli asos bo`ladimi-yo`qmi, degan savolga har kim turlicha javob berishi mumkin. 

Bu vaziyatga huquqiy baho beradigan, qonun buzilishi aniqlanganda chora ko`radigan tashkilotlar bor...", - deyiladi izoh yakunida.

    Boshqa yangiliklar