AsosiyJamiyat

“UZAUTOMOTORS” ayrim amaldorlarning jurnalistlarga bosim o`tkazishda aybladi

'“UZAUTOMOTORS” ayrim amaldorlarning jurnalistlarga  bosim o`tkazishda aybladi'ning rasmi

Xabaringiz bor, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ishni 19 avgust kuni ko`rib chiqilgan edi.

Qo`zg`atilgan ishning ko`rib chiqilishida kompaniyadan biror vakil qatnashmagach,  ish oxirida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining maxsus komissiyasi “UZAUTOMOTORS” AJ avtomobillar narxini 3 mlndan 19 mln so`mgacha tushirishi kerakligi to`g`risida qaror qabul qilgandi.

Shundan so`ng "UzAvto Motors” AJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma`muriy sudiga shikoyat kiritgan edi

2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma`muriy sudida “UzAutoMotors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi maxsus komissiyasining ishiga oid qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni boshlangan .

 “UZAUTOMOTORS” AJ va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi o`rtasida sud davom etmoqda.  “UZAUTOMOTORS” AJ sud jarayonlari bilan bog`liq rasmiy saytida bayonot bilan chiqdi. 

Unda kompaniya  ayrim amaldorlarning jurnalistlarga nisbatan senzura va cheklovlardek xato amaliyotga intilayotganligini aytilgan.

 Bayonotda “UZAUTOMOTORS” AJ yuridik boshqarmasi direktori Rustam Shaymardonov shunday dedi:

“Toshkent shahar ma`muriy sudida ko`rilayotgan ishning so`nggi sud majlisidan keyin, sudda javobgar sifatida ishtirok etayotgan tomon ommaviy chiqish qilib, “UZAUTOMOTORS”ni go`yoki biz “buzayotgan axloq me`yorlari”ga rioya etishga chaqirdilar. Qarangki, kompaniyaning MQKQga nisbatan da`vosi yuzasidan borayotgan ishni to`liq va shaffof yoritishga bo`lgan tabiiy intilishimiz javobgar tomonda xavotirni uyg`otayotgan ekan. Yana shu darajada ekanki, ular ochiq-oydin “qo`mitaga nisbatan da`volarimizga tegishli barcha narsani faqatgina sud muhokamasi doirasida gapirish va sharhlashimiz” kerakligiga ishora qilishgan. Mohiyatan, bu biz uchun ochiq bahs-munozara, shuningdek xolis raqamlar va faktlarni ommaga e`lon qilish hammaga ham yoqavermasligi haqida birinchi signal bo`ldi.

Afsuski, ish qo`mitaning ommaviy axborot vositalari bilan muloqotni qisqartirishga chaqirig`i bilan tugab qo`ya qolmadi. Ishonchli manbalardan bizga ma`lum bo`lishicha, dushanba kuni MQKQ rasmiy vakillari bizning da`voimiz yuzasidan 16 oktyabr kuni o`tgan uchinchi sud majlisi borishini yoritgan OAVga bosim o`tkazishga urinib ko`rganlar.

Qator holatlarda bu urinishlar muvaffaqiyatli bo`lgan: Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi matbuot xizmatining qat`iy talabidan keyin ayrim OAV xolis ma`lumotlart aks etgan maqolalarni o`z saytlaridan o`chirib tashlagan, boshqalari e`lon qilingan matnlardan MQKQni qoniqtirmaydigan qismlarini olib tashlab, o`zgartirishlar kiritgan. Mazkur sud ishidagi opponentlarimizning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 67-moddasining qo`pol buzilishi faktidan qutilishga urinishlarining oldini olish uchun, biz maqolalar aslining skrinshotlariga ham, shuningdek, matbuotga bosimning boshqa isbotlariga ham ega ekanligimizni aytib qo`ymoqchiman.

Hozir gap hatto, “UZAUTOMOTORS”ning sudda ko`rilayotgan MQKQga qarshi ishida kim haqligida ham emas. MQKQ vakillarining o`zlari bu jarayon sud zalidan tashqariga chiqib ketishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqdalar. Biroq, o`tmishga qaytib, so`z erkinligi fundamental qadriyatiga daxl qilish avval-boshdan muvaffaqiyatsizlikka mahkum va biz bunday voqealar kelgusida qaytarilmasligiga umid qilamiz. Bu har tomonlama juda ko`ngilsiz ish, ayniqsa, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi OAV uchun reklama joylashtirish masalasida tartibga soluvchi davlat organi ekanligini yodga olsak, kimlardir bunda qandaydir bosim ko`rsatish yo`llaridan foydalanishni ko`rishi mumkin.

Mamlakatimizda “UZAUTOMOTORS”chalik OAV tomonidan tanqidga uchragan kompaniyalar kam, desam hech kim ajablanmaydi, holbuki ko`p hollarda bu unchalik ham konstruktiv tanqid bo`lmagan. Biroq, biror marta ham bu biz tomonimizdan o`zimizga yoqmaydigan maqola yoki uning bir qismini o`chirib tashlashga urinish uchun bahona bo`lmagan. Mass-media bilan muloqotning madaniy vositalari bor, ular sharh yoki raddiya berishni ko`zda tutadi va matbuot xizmatimiz aynan shu uslublardan foydalanadi. Biz Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasini ham – tabiiyki, bizning so`zlarimizni rad etishga dalillari bo`lsa – jurnalistlar bilan shu tarzda muloqot qilishga chaqiramiz.

Masalaga uzil-kesil oydinlik kiritish uchun esa, MQKQning shanba kunidagi murojaatiga shunday javob beraman: davlat organlarining ichki o`zaro aloqasi kabi to`qima axloq me`yorlarining hech qaysisi biz uchun jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqotdan ustun bo`la olmaydi. “Qo`l sinsa, eng ichida” qolishiga chaqiriqlar va iste`molchilarimizni xabardor qilish o`rtasidagi tanlovda biz doim keyingisini tanlaymiz. Meni aniq tushunishlarini istardim: OAV erkinligi biz uchun hatto u kompaniyamizga qarshi turganda ham mutlaq qadriyat sanaladi, zero bu, kamida, voqelik bilan aloqani yo`qotib qo`ymaslik va yaxshi tomonga o`zgarishning yagona yo`lidir. Biz opponentlarimizga ham bu yondashuvimizdan foydalanishni chin dildan tavsiya qilamiz”.

 

    Boshqa yangiliklar