Bugun jurnalist Alisher Ro`zioxunov 22 dan 23 oktyabrga o`tar kechasi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kaltaklanganligi xaqida xabar qilingan edi.
Shundan so`ng, Toshkent shahar IIBB holatga munosabat bildirib, voqeada ishtirok etgan barcha xodimlarning hamda jurnalist A.Ro`zioxunovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishini ma`lum qildi.
Bugun, 23 oktyabr kuni jurnalist A.Ro`zioxunov Ichki ishlar vazirligi O`z xavfsizligi boshqarmasi Toshkent shahar bo`yicha bo`limi boshlig`ining taklifi bilan suhbatga bordi. Bu haqda u o`zining telegram sahifasida yozmoqda.
"Bo`lgan voqeani mening talqinimda eshitdi, fikr almashdik. Mazkur ish yuzasidan xizmat tekshiruvi o`tkazilishi, bu Toshkent shahar IIBB boshlig`i nazoratida ekani ta`kidlandi.
Ammo Toshkent shahar IIBB tarqatgan rasmiy munosabati meni xayratlantirdi. Negaki, unda «bloger va jurnalistlardan, o`z mavqeini ro`kach qilib ichki ishlar organlari xodimlarining ishlariga xalaqit bermasliklari, ijtimoiy tarmoqlarda o`zi bilan sodir bo`lgan voqealarni buzib talqin etib, ommaga namoyish qilmaslik» so`ralgan.
Ya`ni Toshkent shahar IIBB men bilan yuz bergan holat bo`yicha barcha tomon harakatiga huquqiy baho beriladi, deb aytyapti-yu, avvaldan xulosani ham taqdim etyapti. Demak, men sodir bo`lgan voqeani buzib talqin etganman?! Men mazkur holatda IIB xodimlariga biror marta jurnalist ekanim ro`kach qilmadim, ishxonam tilga olinmadi va o`zimni oddiy haydovchi sifatida tutdim. Shahar IIBB munosabati, tekshiruvi qanday yakunlanishini bashorat qilib o`tirmayman, barcha gap ochiq-oydin yozilgan.
Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov holat yuzasidan xavotirini bildirgan. Fond rahbariyatining g`amxo`rligi va ogohligini olqishlayman. Xolislik uchun aytamanki, bu holat haydovchi va xodim o`rtasidagi munosabat sifatida ko`rilishi lozim.
To`g`ri, agar jurnalistligim, masalani jamoatchilik e`tiboriga havola etishim mumkinligini xodimlar anglamaganda, vaziyat jiddiy tus olardi, deb hisoblayman.
Ps. Sog`lig`im joyida, bundan xavotirlanishga o`rin yo`q, - deya qo`shimcha qilib qoldirgan jurnalist.
Mavzuga doir:
Qonun barcha uchun barobar bo`lishi kerak — Saida Mirziyoeva jurnalistning kaltaklangani haqida






