Avval xabar berganimizdek, kecha, 12 noyabr kuni Samarqand shahrida xotinini ayovsiz kaltaklab, uni pampers eyishga majbur qilgan erkakka nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi ochiq sud jarayonida ko`rib chiqilishi boshlandi.
Garchi sud ochiq tartibda o`tishi belgilangan bo`lsa-da ayblanuvchi tomon suddan OAV vakillari ishtirokini cheklashni so`radi. Sudya tomonlarning fikri, qonun talablaridan kelib chiqib, OAV xodimlari va blogerlar ishtirokiga ruxsat berdi, deya yozdi Kun.uz.
Davlat ayblovchisi, Samarqand shahar prokurori o`rinbosari Umid Hakimov Sh.K.ga qo`yilgan ayblovlarni o`qib eshittirdi.
Unga ko`ra, Sh.K. o`zining turmush o`rtog`i Mustahkam Vahobovaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103- (o`zini o`zi o`ldirish darajasiga etkazish), 105- (qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish) va 110- (qiynash) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ammo Sh.K. faqat qasddan badanga og`ir jarohat etkazganini tan olishi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video haqiqiy ekanini ta`kidlab, boshqa ayblovlarni tan olmasligini bildirdi. Shuningdek, ayblanuvchi, turmush o`rtog`i M.Vahobovadan xafa emasligi, hali ham bir-birini tushunib, kechirib, birga yashash tarafdori ekanini ta`kidladi.
M.Vahobova esa o`z ko`rsatmalarida buning aksini bildirdi:
«Men muttasil haqorat va xo`rliklarga 9 yil davomida chidadim. Undan faqat bir martasi kamera tasviriga tushib qolgandi. Uni ham oxiri o`zim olib tarqatdim. Chunki men ham odamday yashashim kerak. Uydagi tinimsiz haqorat, kaltaklash va xo`rlashlardan tashqari, o`z vaqtida ota-onam uyida, onamning ko`z o`ngida ham erim bostirib kirib meni kaltaklagan».
Sudda, muttasil xo`rliklar natijasida Vahobova o`z joniga qasd qilish maqsadida ko`p miqdorda dori ichgani holati ham muhokama etildi. Uning turmush o`rtog`i bu holatga aloqasi yo`qligi, chunki M.Vahobova bu vaqtda o`z otasining uyida bo`lgani, uyda yaqinlari uni yana oilasiga qaytib, birga yashashga undagani uchun ichgan bo`lishi yoxud rashk oqibatida shu ishga qo`l urgan bo`lishi mumkinligini ta`kidladi.
M.Vahobova turmush o`rtog`i uni farzandining ko`z o`ngida tahqirlashi, xususan, axlat to`la taglikni ham farzandi ko`z o`ngida edirgani, bu kabi xo`rliklar kam emasligini aytib, suddan turmush o`rtog`iga qonunda ko`rsatilgan jazo berilishini so`radi.
Sud 2020 yil 18 noyabr kuniga qadar tanaffus e`lon qildi.
Eslatib o`tamiz, Internetda Samarqand shahrida yashovchi Mustahkam ismli ayolning doimiy ravishda turmush o`rtog`i tomonidan kaltaklanib kelishi haqida videolavhalar tarqaldi. Ushbu holat jamoatchilik tomonidan keskin muhokama qilinmoqda. Sal avval ushbu holat o`rganilib, zo`ravon er Toshkentda qo`lga olingani xabar qilingan edi.
Ayni paytda Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati ham vaziyat bo`yicha izoh berdi.
Mavzuga doir:
Samarqandda eri majburlab pampers edirgan va doimiy xo`rlab kelingan ayolni hokimlik yarashtirmoqchi