AsosiyJamiyat

Jamoatchilik fikri ta`sirida bir tashkilot "Trailblazer"dan voz kechdi, biroq yana bir hokimlik "EQUINOX EQUINOX-AT" sotib olgani ma`lum bo`ldi

'Jamoatchilik fikri ta`sirida bir tashkilot "Trailblazer"dan voz kechdi, biroq yana bir hokimlik "EQUINOX EQUINOX-AT" sotib olgani ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Kuni kecha, Davletov.uz telegram kanalida Davlat aktivlarini boshkarish agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan Trailblazer avtomobili xarid qilingani haqida xabar tarqatildi.

Shundan so`ng, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmati mazkur axborotga javoban quyidagilarni ma`lum qildi.  

Agentlikning Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi joriy yil 2 noyabr kuni davlat xaridlari saytiga Qoraqalpog`istonning hudud sharoitlarida foydalanish maqsadida avtomobilning yo`l tanlamas turi bo`lgan Trailblazer avtomobilini xarid qilish bo`yicha e`lon bergan va joriy yil 9 noyabrga qadar pul o`tkazish sharti bilan shartnoma tuzilgan.

Lekin, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqda keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan turli fikrlar inobatga olingan holda agentlik tomonidan ushbu xariddan voz kechilgan va avtomobil sotib olinmagan, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, 3 kun oldin Qorao`zak tuman hokimligi ham 349 million so`mga "EQUINOX EQUINOX-AT" avtomashinasini xarid qilibdi, deya yozdi Zafarbek Solijonov.

Eslatib o`tamiz, so`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim mansabdor shaxslar tomonidan bugungi murakkab pandemiya sharoitga qaramay zaxira byudjetidagi mablag`larni  qimmatbaho avtoransport vositalariga sarflayotganligi keskin tanqid qilinmoqda.

Xususan, Parkent tumani hokimligi zaxira byudjetidan 269 mln so`m ajratib, 260 mln so`mga "Kaptiva" rusumli avtomobil xarid qilgani,  Zarbdor hokimi Zafar Ro`ziev Captiva xizmat mashinasi bo`la turib, 370 million so`mga Trailblazer sotib olgani muhokamalarga sabab bo`ldi.

Bunga munosabat bildirgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisi Akmal Burxonovga ko`ra, O`zbekistonda hokimlar xizmat avtomobillarining maksimal narxi belgilab berilishi kutilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar