Hisob palatasi tomonidan 2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonuni loyihasi va 2021 yil uchun Byudjetnoma bo`yicha Xulosasi tayyorlandi.
Unda “O`zavtosanoat” AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020 yil davomida yig`im to`lanmasdan kelingani aytilgan. Shu sababli Hisob palatasi “O`zavtosanoat” AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilarni yig`im to`lashdan ozod etishni belgilovchi imtiyozni qayta ko`rib chiqish maqsadga muvofiqligini ta`kidlagan.
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev bunday imtiyozni “O`zavtosanoat” berilishiga qarshi ekanliklarini bildirdi.
" -- Respublika bo`yicha faoliyat yuritayotgan jami 10008 ta maktabdan 1752 tasi mukammal ta`mirga muhtoj, 1228 ta maktablarda o`quvchilarning qatnov darajasi 1.8 koeffisientdan yuqori.
Mamlakat kelajagi, Vatan ravnaqi uchun birinchi navbatda shunday muammolarni byudjet hisobidan hal etish masalasi turganda bizning erkatoy, yarim ishlab chiqaruvchi va yarim savdogar monopolchimiz "O`zavtoMotors" AJ "imtiyozli ravishda" 2020 yilning to`qqiz oyi davomida 582.6 mlrd so`m miqdoridagi yig`imni davlat byudjetiga to`lamagan.
Kamiga keyingi yil ham shunday 3 foizlik yig`imni to`lamaslik imtiyozini saqlab qolishi mumkin.
Biz bunday imtiyoz berilishiga qarshimiz", dedi deputat.






