AsosiyJamiyat

Andijon viloyati hokimining audioyozuvlari «alohida mutaxassislar» yordamida montaj qilinganligi aytildi

'Andijon viloyati hokimining audioyozuvlari «alohida mutaxassislar» yordamida montaj qilinganligi aytildi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimiga tegishli audioyozuvlar ketma-ket tarqatilayotganligi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.

Andijon viloyati hokimining har bir tarqalgan audiosi yuzasidan bildirilgan rasmiy munosabatlarda ovoz Sh. Abdurahmonovga tegishli ekani tan olinib,  u «ikki yil muqaddam yozib olinganligi» ta`kidlanib kelinmoqda edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvlar yuzasidan Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmatining yana bitta rasmiy bayonoti e`lon qilindi. 

Unda ma`lum qilinishicha, bir guruh ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan 2 yil muqaddam yozib olingan audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlardan ko`chirib olinib, g`arazli maqsadda uni ma`lum qismini kesib, «hayp» qilish niyatida ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib borilmoqda.

Soha mutaxassislarini jalb qilgan holda tarqalgan audioyozuvlarni o`rganish ishlari olib borilgan. O`rganish davomida audioyozuvlar «alohida mutaxassislar» yordamida turli xil audioyozuvlardan kesib olib, montaj qilinganligi ma`lum bo`lgan.

" -- Misol uchun: «Andijon viloyati hokimining tadbirkorlarga munosabati» nomli audioda viloyat hokimining (1 daqiqa 6 soniyalik) tadbirkorlar bilan uchrashuvidagi nutqi yozib olinganligi va ijtimoiy tarmoqlarga joylanganligidan xabaringiz bor. Agar diqqat bilan eshitsangiz, ushbu audioning 59 - soniyasidan to 1 daqiqayu 6 soniyasiga qadar bo`lgan qismi boshqa audioyozuvdagi kontekst ekanligi, uni kesib olingan holda boshqa audioyozuvga ustomonlik bilan montaj qilinganligini ko`rishingiz mumkin (audioyozuvdagi tasvir va ovoz o`zgarayotganligini sezish qiyin emas). Bu esa o`z navbatida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining muhokamalariga sabab bo`lmoqda.

Shuningdek, «Andijonda rahbarlar oyoq kiyimlarni reklama qilishmoqda...mi?» sarlavhasi ostidagi fotolavhalar ijtimoiy tarmoqlarga go`yoki Andijon viloyati hokimining navbatdagi «qahramonligi» sifatida keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Aslida ham «shu kunlarda» Andijon viloyati hokimi talabalar yotoqxonasiga borib, ular bilan uchrashganmidi? (Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan Oliy ta`lim muassasalarida an`anaviy darslar 16 noyabrdan qayta tiklandi. Xohlovchilar onlayn o`qishlari mumkin).

Xabaringiz bor, 2020 yil 15 mart kunidan boshlab Respublikamiz bo`ylab kuchaytirilgan karantin choralari o`rnatildi. Shu qatorida oliy ta`lim muassasalari ham vaqtincha o`z faoliyatini to`xtatgan. Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan rasm esa go`yoki shu kunlarda olinganligini ma`lum qilishgan. Aslida esa ushbu fotolavha viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan 2019 yil 4 sentyabrda olingan.

Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarga joylab borilayotgan bu audioyozuvlar yillar davomida bir guruh shaxslar tomonidan yig`ib borilganligi, bu ishlar viloyat rahbarining imidjiga ta`sir ko`rsatish niyatida puxta o`ylangan reja asosida amalga oshirilayotganligini sezish mumkin.

Ushbu audioyozuvlarni keng ommaga tarqatish ortida shaxsga doir ma`lumotlarni qonunga xilof ravishda yig`ish, tizimlashtirish, saqlash, o`zgartirish, to`ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo`q qilish uchun ko`zda tutilgan jazo choralari kuchaytirilganligini inobatga olgan holda mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda", deyiladi bayonotda.


Eslatib o`tamiz, avvalroq, Sh.Abdurahmonovning tarqalgan birinchi audiosida hokim jurnalistlarga nisbatan munosabatini bildirgan va qabuliga kelgan uch ayolni "tiqib qo`yganini" aytgan. Sal o`tib, viloyat hokimligi audio haqiqatdan ham hokimga tegishli ekanini ma`lum qilib, ayollarning "tiqib qo`yilgani" holatiga tushuntirish berilmagan edi. Undan keyin terqalgan ikkinchi audio viloyat rahbarining tadbirkorlar bilan munosabati haqida  tasavvur beradi. Ya`ni Sh. Abdurahmonov kim Bosh vazirga murojaat qilsa, baribir o`ziga kelishi, mabodo, biror shikoyat Toshkent orqali kelsa, (murojaaatchining) ketiga (hokim shu so`zning qo`pol muqobilini ishlatadi) tepishini ta`kidlaydi.  Uchinchi audioda hokim viloyatni rivojlantirish, obod qilish yuzasidan gapirib, bu boradagi ishlarni qo`shni Namangan va Farg`ona viloyatlaridagi holatlar bilan solishtirgan. Jumladan, Alisher Usmonov Namangandagi tumanlarni obod qilish uchun 50 million dollar ajratganini aytar ekan, "Andijonlik qaysi iflos menga bir so`m pulini berib qo`yyapti? Namanganda 50 million dollarga u nima qilyaptiyu, bir so`m puli yo`q Andijon nima qilyapti? Solishtirib ko`r. Butun respublika keldi Namanganga. Hammasi kelishib tayyor pulni eya olmayapti", — degan Andijon viloyati hokimi. 

 

    Boshqa yangiliklar