Bugun, 27 noyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyat sudi binosida 2020 yil 30 may kuni fuqaro A.Abdukarimovni urib o`ldirganlikda ayblangan IIB xodimlariga sud hukmi o`qildi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Sudlanuvchilar:
D. Hamraliev (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan);
Q. Qodirov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan);
E. Rayimjonov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan):
F. Husanboev (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan);
P. Mamajonov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan);
A. To`raqulov (Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchisi vazifasida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O. Arabov raisligida hamda sudyalar Z. Fayziev va Sh. Rajabovdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqildi.O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2020 yil 27 noyabrdagi hukmiga ko`ra,
D. Hamralievning harakati Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilinganligi sababli aybidan chiqarildi, shuningdek uning harakati Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismining “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. D. Hamraliev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 227-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksi 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 2 yil muddatga ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
Q. Qodirovning harakati Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilinganligi sababli aybidan chiqarildi, shuningdek uning harakati Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. Q. Qodirov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 227-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 2 yil muddatga ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
E. Rayimjonovning harakati Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilinganligi sababli aybidan chiqarildi, shuningdek uning harakati Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. E. Rayimjonov Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 227-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
F. Husanboevning harakati Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilinganligi sababli aybidan chiqarildi, shuningdek uning harakati Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. F. Husanboev Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 227-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 2 yil muddatga ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
P. Mamajonovning harakati Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilinganligi sababli aybidan chiqarildi, shuningdek uning harakati Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. P. Mamajonov Jinoyat kodeksining 28-moddasi orqali 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 28-moddasi orqali 235-moddasi 3-qismi va 227-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 2 yil muddatga ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o`tash belgilandi.
A. To`raqulovning harakati Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ortiqcha kvalifikasiya qilinganligi sababli aybidan chiqarildi, shuningdek uning harakati Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. A. To`raqulov Jinoyat kodeksining 227-moddasi 1-qismi va 234-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 2-qismi va 61-moddasi tartibida tayinlangan engilroq jazoni og`irrog`i bilan qoplash yo`li bilan uzil-kesil 1 yil muddatga ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 1 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyasida o`tash belgilandi.
Jabrlanuvchi va jabrlanuvchining qonuniy vakiliga jinoyat oqibatida etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarni undirish masalasida tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.
Mazkur jinoiyat ishi bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Chiroqchi tumani va Andijon shahrida ham fuqarolar IIB xodimlari qiynoqlaridan vafot etgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu jinoyat ishi bo`yicha mas`ullarni keskin tanqid qilgan. Andijondagi voqea ortidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida, uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan edi.
Shuningdek, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo`limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlar ichki ishlar organlaridan o`z lavozimidan bo`shatilgan.
Andijon shahar IIO FMB boshlig`i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo`limi boshlig`i podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko`rinishdagi qat`iy intizomiy jazolar qo`llangan edi.
Shuningdek, avvalroq, Chiroqchida mol o`g`riligida ayblab erkakni urib o`ldirgan IIB xodimlariga ham sud hukmi o`qilgani xabar berilgan.
Mavzuga doir:
Andijonda bo`lgan fojia yuzasidan har bir aybdor javobgarlikka tortiladi — Shoxruh G`iyosov






