Avval xabar berganimizdek, Xalqaro press-klubda «Konstitusiya va qonunchilikda so`z hamda matbuot erkinligi. O`zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari» mavzusidagi davra suhbati bo`lib o`tmoqda. Unda Sodiq Safoev, Abdulaziz Komilov, Akmal Saidov, Ruslan Davletov, Asadjon Xodjaev, shuningdek, BMT va EXHT vakillari, diplomatik korpus vakillari hamda OAV vakillari ishtirok etishmoqda.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjaev quyidagi fikrlarni aytib o`tdi:
«Odamlar internet orqali o`z fikrlarini erkin bildirmoqda. Albatta, tanqidiy fikrlar ham bor.
Bu tanqidiy fikrlarni esa davlat organlari eshitishi kerak. O`z faoliyatini tanqidlar orqali tahlil qilib, mavjud muammolarni hal etish choralarini ko`rishi lozim, muloqotga o`rganishi kerak.
Shu orqali davlat organlari yangi reallikda, yangi O`zbekistonda faoliyatini amalga oshiryapti. Davlatimiz rahbari ham ta`kidladi — matbuot kimgadir achchiq gapirsa, yoqishi yoki yoqmasligi ham mumkin. Biroq biz bu yo`ldan qaytmaymiz.
Barcha davlat idoralarida axborot xizmatining tashkil etilishi katta islohot deb bilaman. Bu orqali tashkilotlar ochiqligi ta`minlanishi uchun kerak. Bugun mingdan ziyod axborot xizmatlari ishlayapti, biroq ularning faoliyati qay darajada? Bu yo`nalishni tegishli ravishda baholab borishimiz kerak. Ularning malakasini oshirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirib kelyapmiz.
Pandemiya sharoiti ko`rsatdiki, qabul qilinayotgan hujjatlar aholiga etkazilishiga katta ehtiyoj bor. Bu jarayon risoladagidek bo`lmasa, tekshirilmagan va noxolis axborotlarning aylanishiga olib keladi. Bunda jurnalistlar emas, davlat tashkilotlarining ochiq emasligi, muloqotning yo`qligi sababchi. Ular muloqotga tayyor bo`lsa, ortiqcha mish-mishlar tarqalishiga o`rin qolmaydi.
Pandemiya sharoitida AOKA platformasida doimiy ravishda brifing va matbuot anjumanlari o`tkazdik. Bu, albatta, oson bo`lmadi, bu jarayonda nodavlat telekanallar, internet saytlari va blogerlar ham faol qatnashdi.
Biz noyabr oyidan boshlab, 100dan ortiq brifing hamda matbuot anjumanlari uchun qo`shimcha platformalar tashkil etdik, ayniqsa, hududlarda o`tkaziladigan tadbirlar rejasini belgilab oldik. Bu viloyatlarda axborot olish erkinligini ta`minlashdagi muammolarni ma`lum qadar echishga yordam beradi, deb hisoblaymiz.
Yana bir muhim qadamlardan biri — Agentlik hamda uning hududiy boshqarmalari huzurida «Dialog maydonchasi» faoliyati yo`lga qo`yilayotganidir. Bu loyiha, o`z navbatida, OAV vakillari hamda blogerlarning huquqlarini ta`minlash, ularni himoya qilish, zarur huquqiy maslahatlar berish hamda yordam ko`rsatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir».






