AsosiyJinoyat

Sirdaryolik ayol o`z farzandini 17 ming dollarga sotayotganda qo`lga tushdi

'Sirdaryolik ayol o`z farzandini 17 ming dollarga sotayotganda qo`lga tushdi'ning rasmi

Barcha ommaviy axborot vositalari odam savdosi bilan shug`ullanganlar qonun oldida javob berayotganini bot-bot yoritishmasin, ming afsuski, bunday jirkanch ish bilan shug`ullanuvchilar hamon uchrab turibdi. ana shunday holatlardan biri Sirdaryoda sodir bo`ldi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Xususan sirdaryolik A.O`rinboeva 9 oy, 9 kun, 9 soat vujudida saqlab yurgan jigarbandini dunyoga keltirdi. Alloh unga dunyodagi eng bebaho ne`mat – shirindan-shakar qiz berdi. Lekin u 9 oy vujudida ko`tarib yurib, o`lim va hayot orasida turgan holda dunyoga keltirgan farzandini sotish evaziga tezda boyib ketishni o`yladi.

Joriy yilning iyul oyida o`z hamshahari X.Mamatqulov bilan tanishib, hozirda sharoiti og`irligi va moddiy tomondan qiynalganligi sababli pul kerakligini, buning evaziga o`z farzandi – 2019 yil 12 iyulda tug`ilgan L.O`rinboevani 17 ming AQSh dollariga sotishini aytadi.

A.O`rinboevaning bunday jirkanch niyati X.Mamatqulovni befarq qoldirmadi. U vijdoniga quloq tutib, bu tubanlikning oldini olish maqsadida Departamentning Sirdaryo viloyati hamda viloyat ichki ishlar boshqarmalariga ariza bilan murojaat qiladi.

– Joriy yilning 21 iyul kuni, kunduzi soat 12 lar artofida arizasiga asosan Departamentning viloyat boshqarmasi va Sirdaryo viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda Guliston shahar, 2-mavze, Namuna mahalla fuqarolar yig`inida joylashgan “Zomin” to`yxonasining yonidagi qurilishi tugallanmagan binoning yonida o`tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, A.O`rinboeva o`zining 2019 yil 12 iyulda tug`ilgan farzandi L.O`rinboevani “maxsus xaridor”ga 17 ming AQSh dollariga sotayotganda qo`lga olingan, – deydi jinoyat ishlari bo`yicha Sirdaryo viloyati sudining sudyasi S.Rasulov. 

Tezkor tadbir davomida A.O`rinboeva o`z bolasini “maxsus xaridor”ga topshirib, u tomonidan berilgan, maxsus kimyoviy ishlov berilgan 17 ming AQSh dollari miqdordagi pullarni olayotgan vaqtida qo`lga olingan.

Sud, mazkur jinoyat ishini har tomonlama va sinchkovlik bilan ko`rib chiqib, A.O`rinboevani o`z aybiga iqrorligini, bunday jinoyatni boshqa sodir etmaslikka so`z berib, uni avf etishlarini yolvorib so`raganini inobatga olib, u O`zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topildi va unga JKning 57-moddasi qo`llanilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

    Boshqa yangiliklar