Avval xabar berganimizdek, Farg`ona shahrida o`tgan “Neftchi” (Farg`ona) va “Turon” (Yaypan) klublari o`rtasidagi Pro liganing 20-tur o`yinida futbolga xos bo`lmagan holatlar sodir bo`ldi.
“Istiqlol” stadionida o`tgan mazkur bahsning yakunida o`yin hakamlariga nisbatan qo`pol va tajovuzkor munosabatda bo`lib, ularga tan jarohati etkazildi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan O`FA Tartib-intizom qo`mitasi qarori e`lon qilindi.
"O`FA mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh Ichki ishlar vazirligi, “Neftchi” – “Turon” uchrashuvining tashkiliy ishlariga mas`ul barcha tashkilotlar bilan hamkorlikda uchrashuvda yuzaga kelgan mojaro bo`yicha surishtiruv ishlari olib bordi.
Har bir holat bo`yicha surishtiruv ishlari yakuniga etgach barcha kerakli ma`lumotlar, shuningdek, o`yin qaydnomasi, uchrashuv nazoratchisi va komissarining bildirgilari, ommaviy tartibchizlik aks etgan videomateriallar O`FA Tartib-intizom qo`mitasiga taqdim etildi.
“Neftchi” – “Turon” uchrashuvidan so`ng vujudga kelgan tartibsizlikni ko`rib chiqish va aybdorlarga chora ko`rish masalasi Tartib-intizom qo`mitasining yig`ilishida atroflicha muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Unga ko`ra, “Neftchi” klubi futbolchisi J.L.To`raqulov uchrashuv bosh hakami Sh.Nasibullaevga qasddan tan jarohati etkazgani uchun unga nisbatan O`FA Intizom kodeksining 5.6 va 5.49-bandlariga asosan 10 yil muddatga futbol bilan bog`liq har qanday faoliyat bilan shug`ullanishdan chetlatish intizom chorasi qo`llandi.
“Neftchi” klubi futbolchilari Sh.B.Abduraimov, S.M.Zokirov va J.Q.Qobulov uchrashuv bosh hakami Sh.Nasibullaevga hujum qilganligi uchun ularning har biri O`FA Intizom kodeksining 5.48-bandiga asosan 1 yil muddatga futboldan chetlatildi va 15 million so`mdan jarimaga tortildi.
“Neftchi” klubi futbolchisi D.F.Toshmatov uchrashuv yordamchi hakami D.Saylavovga nisbatan tajavuzkor harakat qilganligi uchun Intizom kodeksining 5.49-bandiga asosan 10 ta rasmiy uchrashuvga diskvalifikasiya qilindi.
Uchrashuv yakunlangandan so`ng muxlislar futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, “Neftchi” futbol klubi mas`ullari jamoat tartibini saqlash bilan bog`liq etarlicha choralar ko`rilishini ta`minlamagani uchun “Neftchi” futbol klubiga nisbatan Intizom kodeksining 5.4-bandiga asosan 3 ta uy uchrashuvini muxlislarsiz o`tkazish va 100 million so`m miqdorida jarima intizom chorasi qo`llandi.
Uchrashuvdan so`ng stadionga tashrif buyurgan tomoshabinlar tomonidan futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqarilishi holatini muhokama qilish hamda “Istiqlol” stadioni ma`muriyatiga chora ko`rish bo`yicha Farg`ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga taqdimnoma yuborildi", deyilgan Qarorda.
Mavzuga doir:
Hakamni kaltaklagan alamzada futbol muxlislarining barchasi qo`lga olindi
PFL direktori «Neftchi» — «Turon» uchrashuvidagi hodisaga munosabat bildirdi






