Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashovchi ayol farzandlarini daryoga tashlamoqchi bo`lgan, degan mazmundagi videoxabar tarqaldi. Bu haqda sal avval saytimizda xabar berilgandi.
Hozir, ayni paytda ayolning uyida bo`lib turgan Bekobod tumani hokimining Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`yicha o`rinbosari Yoqutxon Mo`minova voqea yuzasidan shunday xabar berdi:
"Videodagi ayol A. R. va uning farzandlari Bekobod tumani "Turkman" MFY da doimiy yashab keladi. Bu holat 2020 yil 15 dekabr kuni sodir bo`lgan.
Dastlabki suhbatlardan ma`lum bo`lishicha, ayol Sirdaryo viloyati, Shirin shahri obodonlashtirish boshqarmasida ishlovchi turmush o`rtog`i telefoniga javob bermagani uchun jahli chiqqani, rashk ustida nojo`ya gaplarni gapirganini aytgan.
Onaning so`zlariga qaraganda, u va bolalari Toshkent viloyati Bekobod tumanidan Sirdaryo viloyati, Shirin shahri "Farhod" MFY ga o`tadigan "Do`stlik" kanalidan o`tib bo`lgach, Shirin shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo`limi xodimlari tomonidan to`xtatilib, videoga olingan.
Ayol alam ustida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo`limi xodimlariga keskin gapirgani, ammo, hech qachon o`z farzandlarini suvga tashlash niyati bo`lmaganini, o`g`lining bosh kiyimi esa bexosdan suvga tushib ketganini aytmoqda.
Mazkur oila shu paytgacha tinch-totuv yashab kelgan, oilada muqaddam notinchlik kuzatilmagan.
Ayni paytda holat viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan atroflicha o`rganilmoqda.
Shuningdek, Vasiylik va homiylik organi vakillari kelib, bolalarning kelgusi taqdiri bo`yicha tegishli qaror qabul qilinishi kutilmoqda.






