AsosiyJamiyat

Nukusda maoshsiz qolganidan norozilik namoyishi o`tkazgan ayollar masalasini Vazirlik tezkor o`rgandi

'Nukusda maoshsiz qolganidan norozilik namoyishi o`tkazgan ayollar masalasini Vazirlik tezkor o`rgandi'ning rasmi

Kecha, 17 dekabr kuni Nukus shahrida jamoat ishida qatnashgan bir guruh xotin-qizlar ularga mehnat haqi o`z vaqtida to`lanmaganligi uchun avtomobil qatnov yo`lida norozilik namoyishi o`tkazganligi haqida xabar berilgan edi. 

Mazkur holat bo`yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tezkor o`rganish o`tkazildi, deya xabar bermoqda Vazirlik Matbuot xizmati.  

Aniqlanishicha, joriy yil noyabr oyida “Temir daftar”ga, “Ayollar daftari”ga kiritilgan kambag`al oilalarning mehnatga layoqatli a`zolarining bandligiga ko`maklashish maqsadida Nukus shahrida 1 184 nafar ishsiz fuqaro qo`shimcha ravishda mahalla fuqarolari yig`inlari buyurtmasiga asosan jamoat ishlariga jalb etilgan va ularga 817 million so`m ish haqi hisoblangan.  

Amaldagi tartibga muvofiq, buyurtmachi – ish beruvchi tomonidan jamoat ishlarida bajarilgan ish hajmi to`g`risida dalolatnoma, jamoat ishiga qatnashganligini tasdiqlovchi qaydnoma (tabel) taqdim etilganidan so`ng mazkur hujjatlar aholi bandligiga ko`maklashish markazi tomonidan ko`rib chiqilib, Jamoat ishlari jamg`armasidan qo`shimcha mablag`lari moliyalashtirilib beriladi.

Yuqoridagi holat yuzasidan tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, ularni o`z vaqtida ko`rib chiqish va moliyalashtirishda mutasaddi xodimlar tomonidan o`z vaqtida hal qilinmaganligi sababli Jamoat ishlari jamg`armasi tomonidan pul mablag`lari joriy yil 5 dekabr kuni o`rniga 15 va 17 dekabr kunlari o`tkazilgan.  

Hozirgi kunga kadar fuqarolarga 226 million so`m ish haqi to`lab berildi, qolgan 591 million so`m mablag` Nukus shahar aholi bandligiga ko`maklashish markazi tomonidan 18 dekabr kuni to`liq to`lab beriladi.  

O`rganish yakuni bilan aybdor shaxslarga nisbatan intizomiy choralar ko`riladi. Mablag`lar to`liq to`lab berilgani va aybdor mansabdor shasxlarga choralar ko`rilganligi to`g`risida ma`lumot ko`shimcha taqdim etiladi, deyilgan rasmiy munosabatda. 

Eslatib o`tamiz, avvalroq, Buxoro va Andijon vilotyalarida gaz ta`minotidan norozi aholi tomonidan namoyishi uyushtirilib, aholi katta yo`lni to`sib qo`ygandi. 

    Boshqa yangiliklar