1

Xovosda yuz bergan bir xunrezlik tafsiloti

Jinoyat 29.01.2016, 12:08
 Xovosda yuz bergan bir  xunrezlik tafsiloti

Sharq xalqlarida qadim-qadimdan oilaning o`ziga xos tarbiya va ma`naviyat maktabi yaratilgan. Unda umumaxloqiy, umuminsoniy qadriyatlar o`z ifodasini topgan bo`lib, asrlar davomida sayqallanib kelmoqda. Afsuski, ayrim ota-onalar farzand tarbiyasi borasidagi o`z burchlarini unutib qo`ymoqdalar.

Ba`zilari esa nafs balosiga yo`liqib, o`z jigarbandini jinoyat yo`liga etaklab, qotillikka qo`l urmoqda. Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida sodir bo`lgan fojea fikrimiz dalilidir.

O`tgan yili dekabr oyining boshlarida Xovos shaharchasi, “Do`stlik” mahalla fuqarolar yig`iniga qarashli Firdavsiy ko`chasi, 96-uy, 2-xonadonda yashovchi Valentina Kosisina ko`rinmay qoladi. Qo`shnilari nafaqadagi qariyaning eshiklari ochilmayotganidan xavotirlanib, mahalla raisiga murojaat qiladi.

Dastlab, Xovos shaharchasi milisiya bo`linmasi 1943 yilda tug`ilgan Valentina Kosisinaning bedarak yo`qolganligi holati bo`yicha, surishtiruv-qidiruv ishlarini boshlab yuboradi. Qo`ni-qo`shnilar, tanish-bilishlarning gapiga qaraganda Valentina Kosisinaning yaqin qarindoshlari bo`lmagan. Xovos shaharchasidagi o`rta maktabda rus tili fanidan saboq bergan, nafaqaga chiqib, tinch-totuv yashab kelayotgan edi.

Ammo 17 dekabr kuni Janubiy Mirzacho`l kanalidan topilgan ayol kishining murdasi hamma narsani ostin-ustun qilib yubordi. Zudlik bilan tezkor-tergov guruhi tuzilib, voqea joyiga etib borildi.

Hammaga mehr-muruvvat ko`rsatuvchi, hammaning ko`nglini olguvchi, ser-salom, sobiq o`qituvchi, nafaqadagi Valentina Kosisinaning o`limi kimga kerak bo`ldiykin? Butun umrini yosh avlod ta`lim-tarbiyasiga bag`ishlab, turmush qurmay, farzand ko`rmay o`tgan ayolning fojeali tarzda o`lim topishi xovosliklar yuragiga qattiq zarba bo`lib urildi.

Xovos qo`rg`oni — birovning oyog`iga tikan kirgan kirsa yoki biror bola bexosdan yiqilib tushib yig`lasa, hamma eshitadigan, to`g`rirog`i bulbulning iniday  joy. Odamlar bu shaharchada yaqin-o`rtada bunday fojeaning guvohi bo`lmagan edi. Biroq, o`lim haq, ekpertiza  qariya kampirning qiynab o`ldirilganligi haqida xulosa berayapti.

Tergov guruhi Valentina Kosisinaning o`limi bilan bog`liq turli taxminlarni tekshirib chiqish borabarida keyingi paytlarda qariya kampirning uyiga Gulnora Davletova degan tadbirkor ayol serqatnov bo`lib qolganligini aniqladi.

Gulnora Davletova, Xovos qo`rg`onida obro`-e`tiborli, o`z shaxsiy biznesiga ega ishbilarmon ayollardan biri. Gulnoraning tanish-bilishi, yoru jo`rasi, oldi-berdi qilaman, desa atrofidagi odamlarning sanab adog`iga etib bo`lmaydi. Xush, unda nafaqada yashovchi kampir nimasi bilan Gulnoraning e`tiboriga tushdiykin? Balki, yolg`iz qariyaning holidan xabar olib turishni, issiq-sovug`idan, bor-yo`g`idan xabardor bo`lishni qattiq ko`ngliga solgandir. Yanayam kim bilsin.

Ha, xalqimizda “Och bola bilan to`q bola o`ynamaydi” degan gap bor. Gulnora Davletova bekordan-bekorga Valentina Kosisinaning uyiga serqatnov bo`lmagan ekan. Avval, o`zi keyin o`g`li Bahodirni kampir bilan tanishtirib, elektromassaj apparatlari yordamida massaj qilib, nima qilib bo`lsada ko`nglini ovlab, mol-mulkini, uy-joyini qo`lga kiritish yo`llarini izlay boshlaydi. Hatto o`zini nasroniylikni  qabul qilgan ayol qilib ko`rsatish uchun Valentina opa bilan ikki marta Toshkent shahridagi Mirobod tumani hududida joylashgan cherkovga birga borib ham kelgan. Ammo Valentina Kosisina Gulnoraning aldovlariga ko`nmaganidan keyin zo`rlik ishlatib bo`lsada niyatiga erishmoqchi bo`ladi.

Xalqimida “Mol molga etguncha, azroil jonga etadi” degan gap bor. Bu- ochko`z, mechkay, molparast odamlarning haddan tashqari mol-dunyo yig`aman deb o`zini o`tga-cho`qqa urib, umri tugab ketishi ya`ni oxiri o`lim bilan tugashi deganidir.

Gulnora Davletova, Valentina Kosisinaning uy-joyiga, bankdagi jamg`arib kelayotgan pensiya pullariga egalik qilish uchun qilgan harakatlari zoe ketganidan keyin uni dastlab uyiga, so`ngra, bozor ichidagi omborxonaga g`ayriqonuniy ravishda qamab qo`yadi. Kaltaklangan kampirni, badanining turli joylariga etkazilgan tan jarohatlari bitib ketguncha och-nohor o`shlab turishadi. Va bu haqda maslahat olish uchun qarindoshi, muqaddam bir necha bor sudlangan Ulug`bek Arziqulovning oldiga boradi.

15 dekabr kuni kech soati to`qqizlarda Ulug`bek Arziqulov, o`zining “jiguli” avtomashinasida Gulnora Davletovaning Xovos shaharchasidagi uyiga boradi. Rejaga binoan, Ulug`bekning ko`rsatmasiga asosan avval kampirning qon tomiriga uxlatadigan ukol qilishadi. So`ngra, urib-kaltaklangan Valentin Kosisinani, Gulnora Davletova o`g`li Bahodir bilan majburlab mashinaga olib chiqishadi. 

Ulug`bek Arziqulov o`z boshqaruvidagi mashinasini Janubiy Mirzacho`l kanalining Xovos shaharchasidan ancha olis tomoniga qarab haydab boradi. Mashinasini kanal yaqiniga to`xtatib, avvaldan tayyorlab qo`yilgan arqon bilan kampirni Ulug`bek bilan Bahodir bo`g`ishadi. Tipirchilab jon talashib yotgan qariyaning bo`yniga esa Gulnora Davletova pichoq tortib yuboradi. So`ng murdani yo`q qilish uchun kanalga tashlab yuborishadi

Qo`lini qonga botirgan,  farzandini esa jinoyatga boshlagan xovoslik Gulnora Davletovaga bir mushtipar ayolning uy-joyi, misqollab yig`gan nafaqa puli kerakmidi? U shunga muhtojmidi? Uning Xovos shaharchasida dang`illama uyi, savdo do`koni yana qanchadan-qancha tadbirkorlik yo`li bilan keladigan daromadlari bor edi, baxti bekam emasdi. Qayta-qayta turmush qurib ham tinchimagan Gulnora Davletovaning keyingi paytlarda  ko`zini moy bosib, qandaydir odamlar bilan ishqiy munosabatlarga kirishib yurganini butun xovosliklar bilardi. Uni ana shu jirkanch ishlari tubanlik sari etaklab, tubsiz jarga tashlab yubordi. Afsus, ming afsus...

Jo`ra BOBORAHMATOV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1