Xabaringiz bor, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarga koronavirusning ikkinchi shtammi kirib kelgani va bu kasallik bolalar o`rtasida uchrayotgani haqida xorijiy ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.
Bu kasallikning ikkinchi shtammi O`zbekistonga kirib keldimi? Bu savolga Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov quyidagicha javob berdi:
– Koronavirusning yangi shtammi O`zbekistonga kirib kelgani yo`q. Bu aniq ma`lumot. Cheklov choralari, epidemiyaga qarshi ko`rilayotgan barcha tadbirlar buning oldini olishga qaratilgan. Agar xalqimiz bilan bir bo`lib, barcha gigienik qoidalarga rioya etadigan bo`lsak, biz bunga yo`l qo`ymaymiz. Mamlakatimizga kirib kelmaydi. Kirib kelgan taqdirda ham keng tarqalishiga yo`l qo`ymaslikka imkonimiz bor. Joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida buning isbotini butun dunyoga ko`rsatdik. O`ylaymanki, mana shunday hamjihatlikda ishlaydigan bo`lsak, bu kasallikning rivojlanishiga yo`l qo`ymaymiz.
Koronavirusning yangi shtampi O`zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida qator choralar ko`rilgan. Jumladan, avia qatnovlarga cheklovlar qo`yilyapti. Zarurat bo`lsa, temir yo`l qatnovlariga ham cheklov qo`yiladi. Eng muhimi, bu kasallik bizga xorijdan kirib keladi. Ana shuning uchun ham chegaralarimizdagi barcha cheklov tadbirlarini kuchaytirganmiz.
Mavzuga doir:
O`zbekiston SSV yangi turdagi koronavirusning xavfi haqida ma`lum qildi






