Yaqinda Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan tadbirkorning do`koni buzib tashlanganligi uchun Toshkent shahar hokimiyatidan 1 200 000 000(bir milliard ikki yuz million) so`m zarar undirib berish masalasida sud ishi ko`rib chiqilayotgan edi. Ishni Oliy Majlisning sobiq deputati, ayni vaqtda sud`ya N.Murodov ko`rib chiqqan. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev ma`lum qildi.
"Tadbirkor S.Nogayga bundan to`qqiz yil muqaddam Toshkentning Navoiy ko`chasida joylashgan do`koni buzib tashlangani uchun kompensasiya qoplab berilishi uchun sudga Shayxontoxur tumani prokuraturasi tadbirkor manfaatini ko`zlab da`vo kiritgan. Ma`lum bo`lishicha, bugun sud ishi yakunlanib, sud tadbirkor foydasiga 1 198 110 000(bir milliard bir yuz to`qson sakkiz million bir yuz o`n ming) so`m miqdoridagi zararni undirib berish haqida qaror qabul qilibdi. Mana buni yaxshi yangilik desa bo`ladi.
Sud majlislari davomida zararni aniqlashtirish yuzasidan mulkni baxolagan ekspert ham sudga jalb etilgan va barcha masalalar oydinlashtirib olingan.
E`tiborli jihati shundaki, sud davomida Toshkent shahar hokimiyati ham davoni tan olib, sudning ushbu qaroriga qo`shilishini bildirgan. Bu juda kamyob xodisa.
Sud shuningdek, Toshkent shahar hokimiyatiga davlat boji sifatida 48 million so`mga yaqin davlat boji va pochta harajatlarini qoplashni ham yuklagan.
Nima ham derdik: xususiy mulklarga etkazilgan zararni qoplash masalasida tinimsiz murojaatlar bo`lib turgan vaqtda sudlarning bu kabi qarorlarini eshitib, kelajakka ishonch yanada ortadi. Menimcha bu masalada yaxshi o`zgarishlar bo`layapti", deya yozib qoldirgan Kusherbaev.
Mavzuga doir:
Toshkent hokimi 2021 yilda «snos»lar bo`yicha barcha qarzlarni to`lashga va`da berdi






