Sal avval "UzAuto Motors" AJning Yuridik departament direktori Rustam Shaymardonov chiqish qilib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Maxsus buyurtma” asosida turli bo`hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotganligi, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta`sirini ko`rsatayotganini iddao qilgan edi. Bir muddat tinchib qolgan "UzAuto Motors" mavzusi muhokamasi mazkur chiqishdan so`ng yaqin daqiqalarda yana qizidi. Jumladan, deputat Rasul Kusherbaev kompaniyaga ular bergan bayonotdan kelib chiqib, o`z savollarini bermoqda.
"O`zavtoMotors" masalasi biroz e`tibordan chetda qolgandi. Ammo o`zlarining bugungi kutilmagan absurd ayblovlari bilan yana e`tibor markaziga tushdi.
Eng qizig`i, xatto davlat rahbari tomonidan ham fuqarolarning axborot va so`z erkinligi huquqidan faol foydalanayotgani qo`llab-quvvatlanayotgan bir vaqtda kompaniya ishi yurishmagani uchun uni tanqid qilgan fuqarolarni ayblash darajasiga etib kelgani.
Kompaniya bayonotidagi asosiy jihatlardan kelib chiqib, bir qator savollar berib o`tsak.
Ularga «halollik vaksinasi» tadbiq etilgan ekan.
Savol: unda nega iste`molchilar ular ishlab chiqargan avtomobillarning sifati va ayrim detallari qo`yilmay sotilayotganligidan norozi?
Eksport ko`rsatkichlari ortib bormoqda ekan.
Savol: avtomobil eksporti, butlovchi va boshqa ehtiyot qismlar importidan qanchalik ortiq, agar ortiq bo`lsa?
Ular eng yirik soliq to`lovchilardan ekan.
Savol: unda nima uchun kompaniya 2020 yilning 9 oyi davomida Soliq kodeksining 460-moddasiga asosan to`lanishi kerak bo`lgan 582,6 mlrd so`m miqdoridagi 3 foizlik yig`imni to`lamay kelmoqda?
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ularga qarshi «maxsus buyurtma» bilan kimlardir bo`xton va asossiz xabarlar tarqatib, mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda ekan.
Savol: aynan kimlar, qanday bo`xton qilishmoqda? Bu aslida fuqarolarning asosli tanqidlari emasmi? Nega mazkur masala bo`yicha sudga murojaat qilinmayapti?
Salbiy xabarlarning tarqalishi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida kompaniyaning kunlik tushumini 30-40 mlrd so`mga kamaytiribdi va belgilangan reja 562 mlrd so`mga kam bajarilibdi.
Savol: tushum kamligi pandemiya davrida aholi to`lov qobiliyatining pasayishi, kompaniya mahsulotining sifati va narxiga bo`layotgan e`tirozlar bilan bog`liq emasmi?
Fuqarolarning chiqishlari O`zbekistonda investisiya jozibadorligiga salbiy ta`sir ko`rsatib, investorlarning yurtimizga investisiya olib kirishida ikkilanish paydo qilmoqda ekan.
Savol: bu ikkilanishlar avtomobil sohasi o`ta monopollashib, ularga katta imtiyozlar berilib, erkin raqobat bozori yo`qligida emasmi?
150 mln evro miqdoridagi davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvini kechikishiga ham fuqarolarning kompaniya haqida salbiy xabarlar chiqarishi sabab bo`lgani aytilmoqda.
Savol: bu teng raqobat, bozor qoidalari va zamonaviy boshqaruv qobiliyati yo`q boshqaruv oqibatida horijlik hamkorlar bilan erisha olinmayotgan kelishuvlar bo`yicha rahbariyatga izoh berishda hamma aybni o`z iste`molchilik huquqi va Konstitusiyaviy so`z erkinligidan foydalanayotgan fuqarolarga «to`nkab», javobgarlikdan qutulish yo`li emasmi?
Kompaniya axborot sohasidagi qonunlarni va ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks talablari bo`yicha javobgarlik belgilanganligini eslatib o`tibdi.
Savol: kompaniya O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, «Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi, «Raqobat to`g`risida»gi, «Axborotlashtirish to`g`risida»gi Qonunlarning talablaridan ham xabardormi?
Va so`nggi savol: kompaniyaning ishi yurishmasa aybni bag`rikeng va sabrli yurt fuqarolariga to`nkash dunyoning yana qaysi avtomobil kompaniyalari hayotida kuzatilgan?
Yana bir masala: men birorta horij kompaniyasi vakilini ko`rmaganman, horijda chiqarilgan avtomobilim ham yo`q, agar eski «Moskvich 407»ni aytmasa. Bu masalada buyurtmachim faqat saylovchilar", deya yozib qoldirgan deputat.






