Termiz shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatiga Prezident tashrifi kutilayotgani, mutasaddilar Prezidentni aldash uchun turli ishlar qilayotganiga misol qilib, yangi qurilgan ko`p qavatli uylarda kondisioner rasmi chizilgan fosterlarni devorga yopishtirilgani aytib o`tilgan video lavha yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-son Farmoni bo`yicha "Shahar-qurilishinvest" IK MChJ buyurtmachiligida Termiz shahrida jami 47,1 mlrd. so`m mablag`lar hisobidan 4 ta 7 qavatli 168 xonadonli arzonlashtirilgan uy-joy binolari qurilishi belgilangan.
Mazkur 4 ta 7 qavatli 168 xonadonli uy-joylarning qurilish ishlarini olib borish uchun shaharning “Bog`ishamol” mahallasi “Farovon” massivi hududidan er maydoni ajratilib, bosh pudratchilar "Saodatbonu Aziza Termiz" X/K, "Termiz Ta`minot" SKTXK qurilish tashkilotlari biriktirilgan.
Hozirgi kunda 4 ta 7 qavatli turar-joy binolarining foydalanishga topshirilishga tayyor holatga keltirilgan, atrofida obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish va tashqi kommunikasiya tarmoqlariga ulash ishlari birgalikda olib borilmoqda, video murojaatda keltirilgan ushbu ko`p qavatli turar-joy binolariga kondisionerlarni rasmi chizilgan fosterlar devorga yopishtirilganligi sababi ushbu ko`p qavatli turar-joy binolarining loyiha smeta hujjatlarida kondisionerlar o`rnatish kiritilmaganligi bois ko`p qavatli uy-joylardagi xonadon egalari tomonidan xohlagan joylariga kondisionerlar o`rnatib tashlamasliklari hamda ko`p qavatli turar-joy binosining tashqi fasad qismini xunuk holatga keltirib tashlamasliklari uchun turar-joy binolarining tashqi fasad qismiga kondisionerlarni rasmi chizilgan fosterlar devorlarga yopishtirib qo`yilganligini ma`lum qilamiz, deyiladi rasmiy munosabatda.






