Avval xabar berganimizdek, 2020 yil 29-31 dekabr kunlari Namangan viloyatining To`raqo`rg`on tumanida 12 nafar fuqaro Qirg`iziston Respublikasi aksiz markasi yopishtirilgan “Gradusnik” nomli spirtli ichimligini iste`mol qilganliklari oqibatida shifoxonaga o`tkir zaharlanish tashxisi bilan yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan, dastlab, ularning 2 nafari, keyinchalik esa yana uch kishining vafot etgani xabar qilingan edi.
Ayni paytda Bosh prokuratura matbuot xizmatining "darakchi.uz"ga ma`lum qilishicha, spirtli ichimlikdan zaharlangan 6-bemor kecha, 6 yanvar kuni vafot etdi.
Shuningdek, ma`lum bo`lishicha, zaharlanganlarning umumiy soni 12 nafar emas, 13 kishi ekan. Hozirda 6 nafar bemor sog`aygan, bir nafari esa reanimasiyada og`ir ahvolda qolmoqda.
Ushbu holat yuzasidan 2 nafar shaxs: A.S. (sotuvchi) va etkazib beruvchi ayol N.A.ga (uy qamog`i) nisbatan ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-moddasi, 4-qismi «a» bandi bilan jinoiy ish qo`zg`atildi.






