AsosiyJamiyat

Davlat avtoraqam belgisining 625 million so`mga sotilishi haqida Korzinka.uz xo`jayini o`z fikrlarini bildirdi

'Davlat avtoraqam belgisining 625 million so`mga sotilishi haqida Korzinka.uz xo`jayini o`z fikrlarini bildirdi'ning rasmi

Samarqand viloyati IIB YHXB tomonidan auksionga qo`yilgan 30 Z 777 ZZ davlat raqam belgisi 625 million so`mga sotilgani haqida xabar bergan edik. Shoir, aktyor, rejissyor va prodyuser Ahad Qayum bu qimmatbaho nomerni sotib olganini  video orqali ma`lum qildi. Ushbu xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida "darakchi.uz" Samarqand viloyati IIB bilan bog`langanda  avtoraqam egasi shoir Ahad Qayum emasligi, ammo xaridor samarqandlik yigitligi ma`lum bo`ldi. 

Salkam 60 ming dollarga sotilgan avtoraqam mavzusi atrofida ko`p muhokamalar bo`ldi. Korzinka.uz asoschisi Zafar Xashimov ham bunga o`z munosabatini bildirdi.

O`zbekistondagi omadli tadbirkorlardan biri sifatida uning fikrlari o`ylashimizcha, ko`pchilikni qiziqtiradi. Xo`sh u bu haqda u qanday fikrda?

" Shaxsan men hech qachon na telefon va na avtoulovda «chiroyli» nomerga egalik qilishga qiziqmaganman. Aksincha, menga desa, bunday raqamlar qancha odamlar esida kam qolsa, egasiga shuncha yaxshi.  

Lekin shu borada o`sha nomerni davlat tomonidan sotilishi va kimdir uni rasman shunday pulga olishini yomonlamayman.

Bir tomondan, avval ham shunday «blatnoy» nomerlar norasman sotilgan yoki «sendan ugina, mendan bugina» yo`sinida taqsimlangan, faqat davlatga, elga undan hech qanday naf bo`lmagan. Hozir mana yarim milliarddan ortiq pul naqd davlat g`aznasiga tushdi. Umid qilamiz, In Shaa Alloh, bu mablag`da o`sha hamma tanqid qiluvchilar jon kuydirayotgan etimlaru- kambag`allarning ham ulushi bor.

Ikkinchi tomondan, shunaqa nomerni havas qiladigan odam ishtiyoqi shu qadar baland ekan, yaxshiyamki u pulini nomerni pora berib olish o`rniga yoki boshqa har xil bexuda orzu xavas o`rniga to`laligicha davlat hisobiga tushirdi. Pul egasi ham o`zi, uni ishlatishi ham o`zining ishi va bu kabi ishlatish natijasida foyda el hisobiga kelgani uchun, uni toza isrof deyishga tilim qayrilmayapti. Qaniydi hamma bexuda xarajatlar shu kabi to`la davlat hisobiga tushsa edi, byudjet to`lib, soliqlar ham qisqararmidi...", deydi Zafar Xashimov.

 

 

    Boshqa yangiliklar