O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi shafeligida Boku shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Boku Kongress markazida davlat rahbarini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax kutib oldi.
Shundan so‘ng ishtirokchilarning birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu galgi forum “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusiga bag‘ishlangan. Unda davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini yaxshilash, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalar o‘rin olgan.






