Avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) ishini sifatli tashkil etish, ularda avtotransportga xizmat ko`rsatilishini yaxshilash maqsadida siqilgan gaz sotilishi hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi
Siqilgan gaz sotilishi hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi transportirovka vaqtida olinayotgan va yuborilayotgan ma`lumotlarni aniq hisobga olish, gaz oqimi kirimi va chiqimini nazorat qilish imkonini bergani holda hisob jarayonida inson omilini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda O`zbekistonda 1070 dan ziyod avtomobilga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari ayniqsa sovuq kunlarda uyi AGTKSh yaqinida joylashgan iste`molchilardan doimiy ravishda gaz bosimi kamayib ketayotganligi to`g`risida ko`plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Gaz taqsimotini muvozanatlashtirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim joriy etilishi bilan mazkur muammo ham bartaraf etiladi.
Yangi tizimning joriy etilishi O`zbekiston Respublikasi Energetika vazriligiga gaz oqimini onlayn tartibda nazorat qilish, Davlat soliq qo`mitasiga esa sotilayotgan mahsulot hisobini shaffof yuritish imkonini beradi.