Bugun, 2 fevral kuni jinoyat ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on shahar sudida sudlanuvchi Jasur Umirovga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi. Shuningdek, jinoyat ishiga sherik bo`lgan A. Z., Sh. Q.larga ham hukm o`qildi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu jinoyat ishi Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko`rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko`rib chiqildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Kattaqo`rg`on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmiga ko`ra:
J. U.(Jasur Umirov) Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi;
A. Z. Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg`on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi;
Sh. Q. Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi va 241-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoyat ishi bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan tomonlarga, shu jumladan sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakiliga, hukm nusxasini olgan vaqtdan boshlab yigirma sutka muddat ichida shu sud orqali Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo`yicha apellyasiya instansiyasi sudlov hay`atiga apellyasiya tartibida shikoyat qilishga va protest keltirishga haqli ekanligi tushuntirildi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval taniqli estrada xonandasi Samarqanddagi litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani haqida xabar qilingan edi. Keyinchalik, ushbu shaxs estrada xonandasi Jasur Umirov degan taxminlar paydo bo‘lib, holat yuzasidan qayta tekshiruv tayinlangani va jinoyat ishi ochilgani xabar qilindi. Shundan so‘ng, ishda to‘plangan dalillar asosida J.U.ga nisbatan 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb eʼlon qilinib, sudning 21.12.2020 yildagi ajrimiga asosan xonandaga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va ish sudga oshirilgan edi.
Mavzuga doir:






