AsosiyJamiyat

O`qing va xulosa qiling! O`zbekiston yuqori suv tanqisligi mavjud 27 davlatdan 25-o`rinda

'O`qing va xulosa qiling! O`zbekiston yuqori suv tanqisligi mavjud 27 davlatdan 25-o`rinda'ning rasmi

Bugungi kunda iqlim o`zgarishining salbiy ta`siriga uchramagan biror bir mamlakat topilmaydi. Bunday muammolardan biri sifatida har bir insonning toza ichimlik suviga bo`lgan ehtiyoji mavjudligi va chuchuk suv zaxiralarining tobora kamayib borayotganini ko`rish mumkin.   

Nafaqat iqlim o`zgarishi balki aholi sonining o`sishi ichimlik suvi iste`moliga bo`lgan talabni oshishiga olib kelmoqda. Dunyoda aholi soni statistikasiganazar solsak,  1987 yilda aholi soni 5 mlrd, 1999 yilda 6 mlrd, 2011 yilda esa 7 mlrd nafarni tashkil etgan. Har 1 mlrd nafar aholi o`sishi uchun o`rtacha 12 yil vaqt ketganini ko`rish mumkin. Ushbu ko`rsatkich suv iste`moliga talab yildan yilga o`sayotganini ko`rsatadi. 

Hozirgi kunda dunyo aholisining 40 foizdan ortig`i suv tanqisligi sharoitida yashab kelmoqda. 2011 yilda 41 mamlakat og`ir suv tanqisligiga uchragani kuzatildi. Bulardan o`ntasi hozirgi kunda chuchuq suv manbalarini butunlay yo`qotib qo`yishga yaqinlashib qolgan va noan`anaviy manbalarni ishga solishga majburdir. Yanada tez sodir bo`layotgan qurg`oqchiliklar hamda tobora kuchayib borayotgan qumlanish jarayonlari mazkur holatning yanada og`irlashishiga olib kelyapti. 2050 yilga qadar suv zaxiralari yanada kamayib, butun dunyo bo`ylab har bir to`rtta insondan kamida bittasi suv tanqisligidan aziyat chekishi bashorat qilinmoqda. Shu bois BMT 2015 yilning sentyabr oyida  o`tkazilgan sammitida 70-son rezolyusiyasini  qabul qilib, unda 2030 yilgacha bo`lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlarini belgilab olgan. Uning 6 maqsadi - Har bir insonning toza ichimlik suvi va sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilashdir.

Mamlakatimizda 2030 yilgacha bo`lgan davr mobaynida barcha uchun suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi , ulardan oqilona foydalanishni ta`minlashni amalga oshirish  milliy maqsadi belgilab o`tilgan. Jumladan, 

- barcha uchun toza ichimlik suvidan umumiy va teng huquqli foydalanish imkoniyatini ta`minlash;

- tegishli sanitariya-gigiena vositalaridan umumiy va teng huquqli foydalanish imkoniyatini ta`minlash, aholining ijtimoiy zaif qatlami ehtiyojlariga alohida e`tibor qaratish;

- suv muhitining har qanday, jumladan, quruqlikdagi faoliyat natijasida ifloslanishini sezilarli ravishda kamaytirish hamda oqova suvlarni xavfsiz tarzda qayta ishlatish hajmini oshirish;

- iqtisodiyotning barcha sektorlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli oshirish;

- barcha darajalarda suv resurslarining kompleks, shu jumladan, zaruratga ko`ra trans-chegaraviy hamkorlik asosida boshqarilishini ta`minlash;

- suv bilan bog`liq ekotizimlar, shu jumladan, tog`lar, o`rmonlar, suvli-botqoqli hududlar, daryolar, suvli qatlamlar va ko`llarning qo`riqlanishi va tiklanishini ta`minlash;

- Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining suv xo`jaligi va sanitariyani yaxshilash ishidagi ishtirokini qo`llab-quvvatlash va mustahkamlash.

Milliy maqsadlarga erishish va vazifalarni amalga oshirish maqsadida Respublikaning 2035 yilga qadar suv ta`minoti va suv chiqarilishi Strategiyasi qabul qilingan. Ta`kidlab o`tish joizki, Strategiya respublikanining suv ta`minoti va kanalizasiya sohasida sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratishga qaratilgan. Bu esa O`zbekistoning mavjud resurslar bazasi va raqobatdosh ustunliklariga tayangan holda sohadagi muammolarni innovasion echimlarini belgilab beradi.

Mamlakatimiz Dunyo resurslari instituti (World Resources Institute) tomonidan e`lon qilingan suv stressidan aziyat chekuvchi mamlakatlar reytingida 164 mamlakat orasidan 25-o`rinni egalladi. Tadqiqotlarga ko`ra, O`zbekiston yuqori suv tanqisligi mavjud 27 davlatdan iborat guruhga kiritilgan. Ularning orasida Afg`oniston (27-o`rin), Turkiya (32-o`rin), Qirg`iziston (38-o`rin), Portugaliya (41-o`rin) va Italiya (44-o`rin) bor. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari Tojikiston va Qozog`iston 51- va 60-o`rinni egallab, o`rtacha yuqori suv tanqisligi mavjud guruhga kiritilgan. Turkmaniston 15-o`rinda qayd etildi va mintaqaning eng kam suvli mamlakati deb topildi. 

Yuqoridagi statistika nazar tashlasak, Markaziy Osiyodagi suv zaxiralari tobora kamayib borayotgani, mamlakatimiz hududi esa yuqori suv tanqisligi mavjud davlatlar qatorida turganligi mavjud muammoga chuqur yondashish zarurligini anglatadi.

Rivojlangan mamlakatlar hozirgi kunda suv iste`mol miqdorini aniqlashda virtual suv atamasini keng qo`llashmoqda. Virtual suv bu har kuni istemol qiladigan oziq-ovqatlarni etishtirish uchun ketgan suvning hajmidir. Masalan, bir kilogramm bug`doy etishtirish uchun (lalmi bo`lmagan) ming litrga yaqin, bir dona shokolad plitkasini ishlab chiqarish uchun 17 ming litr suv sarflanadi. Bu orqali oldindan ichimlik suv miqdoriga bo`lgan talabni hisoblashimiz mumkin bo`ladi. 

O`zbekiston hududidan  Sirdaryo va Amudaryo kabi ikkita yirik daryolar oqib o`tadi, shunga qaramay toza suv tanqisligini boshdan kechirmoqda. Ichimlik suvining etishmasligi suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog`liq. Rivojlangan davlatlarda me`yoriy qoidalar bo`yicha  kishi boshiga bir kunlik o`rtacha suv sarfi 100-120 litr hisoblansa, mazkur raqamlar Angliyada 150 litrni, Rossiyada 250 litrni, mamlakatimizda shaxar joylarda 250 litr, olis hududlarida esa 100-120 litrni tashkil etadi.  Bu ko`rsatkich yildan-yilga oshib bormoqda. 

Hozirgi kunda mamlakatimizda ichimlik suvini isrof bo`lishini oldini olish bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti.  Jumladan, ishlab chiqarish jarayonida yangi suvni tejovchi texnologiyalar o`rnatish, tarmoqlardagi yo`qotishlarni oldini olish maqsadida eski turdagi quvurlarni yangi turdagi sifatliquvurlarga almashtirish, joylarda yuzaga kelgan suv ta`minotidagi uzilishlarni tez fursatda bartaraf etish ishlari bajarilyapti. 

Suv o`lchagichlarni o`rnatish orqali ichimlik suv hisobini aniq yuritilib, aholi tomonidan ko`rsatkichda  ishlatilgan ichimlik suvi uchun to`lov amalga oshirilmoqda. Suv etkazib beruvchi nasos stansiyalarida sarf miqdoriga qarab energiya tejovchi va avtomatik boshqaruv funksiyalik nasoslardan foydalanish yo`lga qo`yilmoqda.

Nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar oldidagi ma`suliyatni his qilgan holda ichimlik suv manbalarini sarflashni tejash darkor. Suv faqatgina chanqoqni qondirishigina emas balki suv orqali sanitar-gigienik holat barqarorligi ta`minlanishiga e`tibor qaratish payti keldi. Joylarda jamoatchilik nazorati orqali ichimlik suviga bo`lgan munosabatni to`g`ri yo`lga qo`yish va targ`ibot ishlarini amalga oshirish lozim.   

 

Rustam Sattorov, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Suv taʼminoti va oqova suv tizimi istiqbolini belgilash va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i,

Omonjon Abdullayev, boshqarma yetakchi mutaxassisi               

    Boshqa yangiliklar