Ota-ona farzandi dunyoga kelishi bilan uni parvarish qilib, katta qiladi, kasal bo`lsa, davolaydi, ediradi, kiydiradi, oq yuvib, oq taraydi. Jigarbandini hayotda kerakli barcha narsalar bilan ta`minlashga harakat qiladi. Ammo besh qo`l barobar bo`lmaganidek, hayotda farzandining hayotiga zomin bo`lgan, guldek bolasining qotiliga aylangan insonlar ham uchrar ekan...
O`g`lining murdasini erto`laga ko`mdi
Sudlanuvchi Mahmud Asrorov (ism-shariflar o`zgartirilgan) 2018 yilning 27 avgust kuni soat 18:30 larda o`zi istiqomat qiladigan Yashnobod tumanidagi xonadonida o`g`li Mirali Asrorovni spirtli ichimlik ichganlikda ayblab, uni uy hovlisiga olib chiqadi. Ketmon dastasi bilan bosh qismiga, so`ngra chap biqini – qovurg`a ustiga bir necha marotaba urib, qasddan o`ldiradi. Keyin jinoyat izini yo`qotish maqsadida 2018 yil 28 avgust kuni murdani o`z uyining erto`lasiga ko`madi. 2018 yil oktyabr oyida, jinoyat fosh etilmasligi uchun murda ko`milgan joy ustini sement suvoq bilan qoplaydi. Marhumning singlisi Latofat Jumaeva akasi yo`qolganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganidan so`ng, 2019 yil oktyabr oyining oxirlarida qilgan jinoyati fosh bo`lmasligi maqsadida, uyda hech kim yo`qligidan foydalanib, erto`lagi sement suvoqni ko`chiradi. O`g`li Mirali Asrorovning murdasini kavlab olib, uyining tom qismiga yashiradi. Oradan vaqt o`tib, 2020 yil 14 fevral kuni murdani qo`shnisining tom qismiga olib o`tib, yashiradi.
“Qizimning gapidan yuragimga g`ulg`ula tushdi...”
Sud majlisida sudlanuvchi Mahmud Asrorov o`z aybiga to`liq iqror bo`lib, quyidagicha ko`rgazma berdi:
– Rafiqam vafot etgandan keyin o`g`lim bilan birga yashay boshladik. Qizim Latofat Jumaeva turmushga chiqib ketgan. O`g`lim Mirali Asrorovni jahl ustida o`ldirib qo`yganimdan so`ng 103 ga qo`ng`iroq qilmoqchi bo`ldim. Ammo qilmishim fosh bo`lishidan qo`rqdim. Qarindosh-urug`larni yig`ib, maslahat qilmoqchi ham bo`ldim, lekin qo`ni-qo`shnilarni oldida sharmanda bo`lishni, o`z bolasini o`ldiribdi, degan isnodga qolishni istamadim. Shu tariqa bir soatcha o`ylanib o`tirib, 20 yil ilgari bedarak yo`qolib, topilmagan amakimning o`g`li esimga tushdi. O`g`limning murdasini ko`chaga biror joyga tashlab kelmoqchi bo`ldim, ammo kimdir ko`rib qolishidan xavotirlandim. Shundan keyin murdani uy erto`lasiga ko`mdim. Hidi chiqmasligi uchun ustini sement bilan suvoq qildim. Qizim akasini so`raganda “G`azalkentga ishlashga ketdi”, deb aldadim. Oradan biroz vaqt o`tgach, Latofat yana akasini so`radi. Men uni “Mirali Rossiyaga ketganligi haqida kichkina qog`ozga yozib qoldirib ketibdi”, deb aldadim. 2019 yil may oyining o`rtalarida meni tuman ichki ishlar bo`limiga chaqirishdi. Borsam, qizim Latofat akasi bedarak yo`qolganligi yuzasidan ariza bergan ekan. IIB xodimi o`g`lim Miralining O`zbekistondan chiqmaganligini, chunki barcha chegara postlaridan ma`lumot olganligini aytib, uning qaerga ketishi mumkinligi haqida so`radi. Men xodimni chalg`itib, “Agar u Rossiyaga ketmagan bo`lsa, G`azalkentda ishlayotgan bo`lishi mumkin”, dedim. 2019 yilning oktyabr oyida Latofat uyga kelib, “Onam bilan akam tushimdan chiqmayapti. Akam erto`laga o`xshagan qorong`i joydan chiqolmay, yig`layapti”, dedi. Latofatning bu gapidan yuragimga g`ulg`ula tushdi. O`g`lim ko`milgan joyni kavlab, murdani tortdim. Murda chirib ketganligi bois, oyoq qismi uzilib, tuproq tagida qoldi. Men uning gavda qismini tortib olib, oq selofan paketga o`rab, tomga olib chiqdim. Ertasi kuni erto`lani kavlab, oyoq qismini ham topib, qolgan suyaklarga qo`shdim...
“Jazo tayinlashni sudga havola qilaman”
Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili sifatida Latofat Jumaeva quyidagilarni ma`lum qildi:
– Akam Mirali Asrorovni oxirgi marotaba 2018 yilning iyul oyida ko`rganimda uning ko`zi ko`kargan, yuzlari shilingan edi. “Yana ota-bola urishdinglarmi?” deb so`raganimda, akam “Sen-ku, erga tegib qutulding, kaltak mening boshimda sinyapti” dedi. “Nimaga unaqa deyapsiz?” desam, “Otamga biz kerak emasmiz, u xotin olib, xotin qo`yish bilan ovora...” dedi. Shunda otamning “Akang na o`zi uylanadi, na meni uylanishga qo`yadi, uni o`ldirib tinchiyman shekilli...” degan gapi esimga tushdi. Oradan bir oy o`tib, uyga borganimda otamdan akamning qaerdaligini so`radim. Avval G`azalkentga, keyin Rossiyaga ishlashga ketganini, qo`ng`iroq qilib turganini aytdi. Akamning telefon raqamini so`raganimda, “Telefonim suvga tushib ketdi, qarasam akangning raqami o`chibdi” dedi. Shundan keyin otamdan shubhalana boshladim... Ayni paytda otamga nisbatan da`vom yo`q, jazo tayinlash masalasini sudga havola qilaman.
Hukm o`qildi
Sudlanuvchi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topildi. Unga nisbatan11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sherzod EShMATOV, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi
Lola Shoimova, jurnalist