1

Jinoyatga jazo muqarrar: Bolalarning haqqi "teshib chiqdi"

Jinoyat 26.03.2021, 14:14
Jinoyatga jazo muqarrar:  Bolalarning haqqi "teshib chiqdi"

Ijtimoiy tarmoqlarda gaz bilan ta`minlanmagan ba`zi maktablarning sovuq  sinfxonalarida qishning qirovli kunlarida junjikib o`tirgan maktab o`quvchilarini ko`rsak, o`zimizning etimiz junjikadi, rahmimiz keladi. Imkoniyat yaratib bermagani uchun yuqori mas`ul tashkilotlardan ranjiymiz. Ammo hamisha ham ayb yuqori tashkilotlarda emasligi, maktabning ba`zi “og`zi katta” amaldorlarining nafsi hakalak otib, bolalarning haqiga xiyonat qilayotgani tufayli bolalar jabr ko`rayotgani xayolimizga ham kelmaydi.  Ammo guruch orasida kurmak bo`lgani kabi o`z manfaatini bolalar manfaatidan ustun qo`yayotganlar ham borligi yana bir bor o`z isbotini topdi...

2021 yilning 5 fevral kuni Xatirchi tumanining “Uchtepa” MFY binosida jinoyat ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudining sayyor sud majlisida xuddi shunday jinoyat ishi ko`rib chiqildi.  

1982 yilda Xatirchi tumanida tug`ilgan Hayitov Husan Boboevichning 84-sonli umumta`lim maktabiga direktor bo`lganiga endigina 3 yildan oshdi. Butun bir maktab jamoasiga rahbarlik qilish, kelajak avlodga g`amxo`rlik qilish katta mas`uliyat. Balki u ham bu ishonchni oqlash istagida bo`lgandir. Oilasi, 3 nafar farzandi otasidan faxrlanishini his qilgandir... toki 2020 yilning 14 oktyabr kuni o`zini Shuxratman deb tanishtirgan yigit qo`ng`iroq qilib, 84-sonli o`rta umumta`lim maktabining 2020-2021-o`quv yili uchun 84 tonna ko`mir mahsuloti borligini, 26 tonnasi ko`mir va 58 tonnasi briket ekanligini aytib, unga “agar siz bilan ko`rishib gaplashib olsak hammasini ko`mir qilib olasiz” demagunicha...

Darvoqe, Shuxrat ismli uddaburon bu yigit ham xatirchilik. Hasanov Shuxrat Olimovich 1979 yilda tug`ilgan, o`rta-maxsus ma`lumotga ega, oilali, 2 nafar farzandning otasi. Shu bilan birga,  xususiy korxona rahbari.

Ertasi kuni maktab direktoriga Shuxrat Hasanov qo`ng`iroq qilib, unga “aka nima bo`ldi, ko`rishib gaplashib olamizmi?” degach, ertalab soat 08:30larda tumandagi “Mirzo Ulug`bek” MFYning chorrahasida ko`rishishadi. Shuxrat unga ko`mir bazasida tanishi borligini, hamma javobgarligini o`z bo`yniga olishini, maktabga ajratilgan briket mahsulotini ham yaxshi ko`mir mahsulotiga almashtirib berishini aytadi.  Evaziga olgan ushbu  ko`mir mahsulotining  tonnasini 300 ming so`mdan sotishini taklif qiladi. Bu imkoniyatdan foydalansa, ancha daromadga ega bo`lishini xomcho`t qilgan maktab direktori  roziligini bildirish uchun shosha-pisha “Shuxrat aka, buyog`i tinchmi, ertaga gap so`z bo`lib ketmaydimi?” derkan, birinchi bor ko`rib turgan “hamkori”ning  bitta mashinaga 20 tonna ko`mir ketishini va uni sotsa 6 million so`m pul berishini aytgach, tezroq ko`ngli xotirjam tortib, shaytonning vasvasasiga uchganini o`zi ham sezmay qoladi. U Sh.Hasanov bilan Samarqand viloyati, Oqtosh shahridagi “Zirabuloq” temiryo`l stansiyasida joylashgan ko`mir bazasiga birga boradi va Xatirchi ko`mir bazasi mudiri Latif ismli shaxs bilan uchrashib, undan ko`mir so`rashadi. Latif esa, maktablar uchun emas, faqat mahallalar uchun ko`mir kelganligini aytadi. Ular suhbatlashib turganida Xatirchi tumani Xalq ta`limi bo`limi ta`minotchisi M.Muhsinov kelib, unga bu erdan emas, 2-3 kundan keyin Xatirchi tumani ko`mir bazasidan ko`mir berishini aytadi. Shuxrat esa unga Latif bilan gaplashganligini, unga 54 tonna ko`mir berishini aytadi va bu gapni Latif ham tasdiqlaydi. Shu bilan birga Latif unga bugun 50 tonna ko`mir olib ketishini, qolganini Shuxrat bilan o`zlari hal qilishini aytadi. Latif unga 84.300 kg. ko`mirga  4 ta yuk xati tayyorlab qo`yganligini, bugun 4 ta yuk mashina ko`mir olib chiqib ketishini, qolganini ertasi kuni o`zi Shuxrat bilan kelishishiga ishontiradi. Davlat raqami 85 708 G`AA bo`lgan “Kamaz” rusumli mashinaga to`ldirib ko`mir yuklab, ko`mirni maktabning ko`mir saqlash omboriga to`kishadi. Aniqrog`i, o`sha kuni  uch “Kamaz” ko`mirni, jami 37 tonna ko`mirni 84-sonli maktab ko`mir saqlash omborxonasiga olib kelib to`kishadi.

2020 yilning 17 oktyabr kuni “sheriklar” boshlagan ishlarini nihoyasiga etkazish uchun  Xatirchi tumanidagi “Xotira” maydoni oldida uchrashishadi va “yangi va yaxshi tanish” bo`lgan Shuxrat unga 5 mln. so`m pul beradi.

Biri-birining qo`llab-quvvatlashidan xursand hamtovoqlar Samarqand viloyatining “Oqtosh” shahridagi “Zirabuloq” temiryo`l stansiyasiga borib, u erda Latif bilan uchrashishadi. Davlat raqami 85 708 G`AA bo`lgan “Kamaz” rusumli mashinaga to`ldirib  yuklangan ko`mir 84-sonli maktabning ko`mir saqlash omboriga to`kiladi. Oradan 3-4 soatlar o`tganidan keyin Shuxrat “A.Temur” MFYga burilish joyida Husan Hayitovning “Lasetti” rusumli mashinasining qo`l tormozining oldiga kelishilgan 9 mln. so`m pullardan qolgan 4 mln. so`m pullarni qo`yadi...

Ammo mo`may daromad tufayli ko`zlarida porlagan quvonch uzoqqa cho`zilmaydi. Orqasidan “Lasetti” rusumli, oq rangli mashina izma-iz kelayotganini sezib qoladi. Spirtli ichimlik ichganligi va pullarni noqonuniy olganligi sababli qo`rqib, pullarni yo`l-yo`lakay mashinasidan tashqariga uloqtira boshlaydi... Shu o`rinda bir savol tug`iladi: Maktab jamoasining, qishloqdoshlari ishonib topshirib qo`ygan yuzlab o`g`il-qizlarning ta`bir joiz bo`lsa, otasi hisoblangan direktor pullarni mashina derazasidan uloqtirayotganida, ko`z oldiga sinfxonalar pechiga qalanayotgan ko`mir keldimikan yoki millionlab puldan qalanayotgan olovmi yoki barmoqlari sovuqdan titrab, daftariga qing`ir-qiyshiq yozayotgan bolajonlarmi?

Har holda birozdan so`ng uni orqasidan kuzatib kelayotgan “Lasetti” avtomashinasidagi departament xodimlari bilan birga mashina derazasidan yo`l bo`ylab uloqtirgan 4 million so`m pullarni qayta terib chiqadi.

Departamentning Xatirchi tuman bo`limi ma`muriy binosiga kelib, u erda YPHX xodimlari tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilganida, u haqiqatdan ham spirtli ichimlik ichganligi aniqlanadi. Shu bilan birpga H.Hayitov bu ishdan yangi hamtovog`i Sh.Hasanovning  qanday manfaatdor ekanligini bilmaganligini hamda surishtirmaganligini, 84-sonli maktabga 16-17-oktyabr kunlari olib kelingan jami 50 tonna ko`mir mahsulotlari uchun unga Xatirchi ko`mir ombori xodimlari tomonidan biror-bir hujjat taqdim qilinmaganligini, uni olib kelish uchun yuk xati rasmiylashtirilganligini, ko`mir mahsulotlarini fuqaro Sh.Hasanov bilan o`zaro kelishib sotishini, tuman XTB ta`minotchisi ushbu masalada u bilan biror marta gaplashmaganligini, Xatirchi tuman ko`mir ombori mudiri Latif Ismoilov fuqaro Sh.Hasanov bilan kelishib, keyin uni ushbu rejalaridan xabardor qilganligi bois, u hamma narsadan xabari bo`lgan bo`lishi mumkinligini, sodir qilgan harakatiga iqror va pushaymonligini, bu holatni boshqa takrorlamasligini bildirib qonuniy engillik berishni so`radi.  

Jinoyat ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudi sudlanuvchining mansabdor shaxs bo`la turib, mansab mavqeini suiiste`mol qilib, fuqaro Hasanov Shuxrat Olimovich bilan 84-sonli umumta`lim maktabiga 2020-2021 yilgi kuz-qish mavsumiga ajratilgan ko`mir mahsulotlarini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilish maqsadida o`zaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo`lib, har bir kilogrammining davlat narxi 330 so`mdan bo`lgan jami  9 mln. 900 ming so`mlik 30 tonna ko`mir mahsulotlarini har bir kilogrammini 550 so`mdan 16 mln. 500 ming so`mga sotishga kelishib, 2020 yil yil 17-noyabr kuni “O`zbekko`mir” AJ “Navoiy ko`mir etkazuvchi” filialiga qarashli Xatirchi tuman ko`mir omboriga borishib, ombor mudiridan tasdiqlangan ro`yxat asosida ushbu umumta`lim maktabiga ajratilgan jami 84 tonna 300 kilogramm ko`mir mahsulotlarini yuk xati orqali qabul qilib olib, ixtiyorida bo`lgan va unga ishonib topshirilgan ko`mir mahsulotlarini maktabga olib borilishini ta`minlamasdan, 30.000 kg. ko`mir mahsulotlarini o`zlashtirish yo`li bilan talon-taroj qilish maqsadida Xatirchi tuman hududida fuqaro E. Salimovga 16 mln. 500 ming so`mga sotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanganligini inobatga olib, unga va uning bir guruh jinoiy sheriklariga qonun doirasida jazo tayinladi.

Jinoyatchilar albatta o`z jazolarini olishadi. Ammo bolalarning haqqi o`zgalarga buyurmasligi, xalqimiz tilida aytganda “teshib chiqqani” shu bo`lsa kerak.  

H.Tuxtaev, Jinoyat ishlari bo`yicha Xatirchi tuman sudi sudyasi,

Z.HAMDAMOV, Jinoyat ishlari bo`yicha sudi sudya yordamchisi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1