29 mart kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon va uning rafiqasini O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi. Qisqa suhbatdan so`ng Vengriya delegasiyasi poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoniga yo`l oldi.
Mamlakatimiz bosh maydoni xalqimiz ozodligining, ajdodlarimiz asrlar davomida orziqib kutgan va muttasil intilib yashagan, bugungi avlodlarga nasib etgan eng ulug`, eng aziz ne`mat bo`lmish istiqlolimizning muqaddas ramzidir. Shu bois, bu muazzam maydonga xorijiy rasmiy delegasiyalarning tashrif buyurishi ezgu an`anaga aylangan.
Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo`lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo`ydi.
Mehmonlarga Mustaqillik maydonning mazmun-mohiyati, bu erda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida so`zlab berildi. Viktor Orban bu majmua o`zbek xalqini istiqlol ruhidan kuch olib, yanada ulkan marralar sari intilishida o`ziga xos mayoq bo`lib xizmat qilayotganini ta`kidladi.
Shundan so`ng Vengriya delegasiyasi o`zi uchun ajratilgan qarorgohga yo`l oldi.