Buxoro viloyati Olot tumanida joylashgan «Imronnike» MChJ omborxonasida 9 aprel kuni yong`in sodir bo`ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, yong`in-qutqaruv xizmatiga 9 aprel kuni soat 15:45 da Buxoro viloyati Olot tumani Xalifa mahallasida joylashgan «Imronnike» MChJ hududidagi omborxonada yong`in sodir bo`layotgani haqida xabar kelib tushgan. Xabar asosida voqea joyiga 7 ta yong`in-qutqaruv ekipaji soat 15:52 da etib borgan.
Qayd etilishicha, ko`rilgan tezkor harakatlar natijasida yong`in soat 16:20 da qurshab olinib, 18:26 da to`liq bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida korxona omborxonasi ichki qismining taxminan 200 kvadrat/metr maydoni yonib zararlangan. Yong`indan ob`ektning 400 kvadrat/metr maydoni saqlab qolingan.
Ma`lum qilinishicha, mazkur holat oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo`lganlar qayd etilmagan. Hozirda yong`in sababi va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda.






