AsosiyJamiyat

Qatar Amiri Shayx Tamim O`zbekistonning Afg`onistondagi tinchlik jarayonini qo`llab-quvvatlash borasidagi sa`y-harakatini yuqori baholadi

'Qatar Amiri Shayx Tamim O`zbekistonning Afg`onistondagi tinchlik jarayonini qo`llab-quvvatlash borasidagi sa`y-harakatini yuqori baholadi'ning rasmi

Doha shahriga amaliy tashrif bilan borgan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan qabul qilindi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi. 

Vazir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga yo`llagan maktubini etkazdi.

Suhbat davomida O`zbekiston - Qatar munosabatining hozirgi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi sheriklikning dolzarb jihatlari to`g`risida fikr almashildi.

O`zbekiston va Qatar ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim salohiyatga ega ekani ta`kidlandi.

Tomonlar o`zaro siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sohalarda aloqani sezilarli darajada mustahkamlash zarurligini  e`tirof etdilar.

Afg`onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish va xavfsizlikni ta`minlash bo`yicha afg`onlararo inklyuziv muzokaralarni ilgari surish muhimligi ta`kidlandi.

Qatar tomoni O`zbekistonning Afg`onistondagi tinchlik jarayonini qo`llab-quvvatlash borasidagi sa`y-harakatini yuqori baholadi.

Muzokarada ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.

Boshqa yangiliklar