Pensiya jamg`armasi O`zbekistonda pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun 1 iyundan qanday o`zgarishlar bo`lishini ma`lum qildi. Bu haqda Pensiya jamg`armasi axborot xizmati xabar berdi.
Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida 2021 yilning 1 iyunidan boshlab:
- pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to`g`risidagi ma`lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr — 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisobga olinadi;
- uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo`yicha aniqlangan ortiqcha to`lovni undirish bekor qilinadi;
- ishlovchi fuqarolar tomonidan ishlamaydigan turmush o`rtoqlari kelgusida pensiya ta`minotiga ega bo`lishlari uchun o`z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to`lash huquqi beriladi;
- pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko`ra ro`yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo`yicha tayinlanadi va to`lanadi;
- pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining tegishli bo`limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi;
- fuqarolarning pensiyaga bo`lgan huquqi yo`qolganligini tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma`lumotlar asosida aniqlash orqali pensiyalarni naqd pulsiz shaklda oluvchi shaxslar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg`armasining bo`limiga kelish hamda mas`ul xodimlar tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring o`tkazish majburiyati bekor qilinadi.