Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda ma`lum qilinishicha, 18 apreldan karantin qoidalariga amal qilinishini nazorat qilish yanada kuchaytiriladi.
Bog`cha va maktablarda kasallanish holati aniqlangan taqdirda, ularning faoliyatini zudlik bilan to`xtatish va 2 haftaga karantinga olish belgilandi. Ushbu vaqt mobaynida ular onlayn tartibida faoliyat yuritadi.
Yirik savdo majmualari va bozorlarda, do`konlarda karantin qoidalariga qat`iy amal qilinishi, jumladan, qo`llarni antiseptik vositalari bilan zararsizlantirish, odamlarning tibbiy niqob taqishi, ijtimoiy masofa saqlashi qat`iy nazorat qilinadi.
Ayni Ramazon oyida taroveh namozlarini ochiq hududlarda ado etish, iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki 100 kishidan oshmagan holatda o`tkazish zarur.
Shuningdek, konsert tomoshalariga ham cheklovlar o`rnatiladi. 1 maydan boshlab, konsert tomosha tadbirlarini yopiq maskanlarda o`tkazishga qator cheklovlar belgilandi.






